O‘zbekistonda ham lokdaun bo‘lishi mumkinmi?

O‘zbekistonda ham lokdaun bo‘lishi mumkinmi?

Markaziy saylov komissiyasida 23 oktyabr bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev O‘zbekistonda lokdaun e’lon qilinish ehtimoli haqida fikr bildirdi.

«Bugungi kunda hech qanaqa lokdaun haqida gap bo‘lishi mumkin emas va barcha harakatlar shunga qaratilgan. Shu kunlarda Rossiyada kasallanish holatlari ko‘tarilgani yurtimizda ham kasallanish darajasi oshishi ehtimolini paydo qiladi. Lekin bizning chegaralarda nazorat har qachongidan ham kuchaytirilgan bo‘lib, yurtimizga 72 soatlik PZR testi topshirilgan holdagina chetdan kirish mumkin. Bordi-yu, fuqarolarda test bo‘lmaganda, chegarada ekspress-test topshiriladi», — dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i.

Bahodir Yusupaliyev lokdaunni oldini olish yo‘li jamoaviy immunitetni shakllantirish ekanini qayd etdi.

«Lokdaun holatining oldini olishning yana bir yo‘li jamoaviy immunitetni shakllantirishdir. Buning eng samarali usuli ommaviy emlashdir. Agar biz aholining kamida 60 foizini emlay olsak, jamoaviy immunitetni shakllantirgan bo‘lamiz. Shunda bizga hech qanday lokdaun xavf sola olmaydi. Hozirga kelib, emlanishi lozim bo‘lgan 21 million nafardan oshiq aholining 13 million nafari birinchi doza vaksinalarini olib ulgurdi, — dedi Bahodir Yusupaliyev.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!