«Uy ikkita o‘g‘ilga teng bo‘linmaydimi?»

«Uy ikkita o‘g‘ilga teng bo‘linmaydimi?»


– Qaynotam biz yashab turgan hovli kichik o‘g‘liga qolishini, biz esa hovli etagidan imorat solishimiz kerakligini aytdi. Mening ikki nafar farzandim bor. Yosh bola bilan qiynalib qolamiz, desam, «o‘zlaring bilasizlar», deyapti. Kelin bo‘lib tushgan ikkita xonada haqim yo‘qmi? Ota hovli ikki o‘g‘il o‘rtasida teng bo‘linmaydimi?
Ismi sir tutildi.

Anvar Yoriyev, Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi:
— Uy-joy kodeksining 32-moddasi birinchi va ikkinchi qismlariga asosan uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar.
Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a’zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o‘rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.
Turar joy mulkdorining oila a’zolari deb u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi. Er-xotinning ota-onasi, shuningdek mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini, agar ular ilgari bu huquqqa ega bo‘lmagan bo‘lsa, faqat o‘zaro kelishuvga binoan mulkdorning oila a’zolari deb tan olinishi mumkin.
Shunga ko‘ra, sizda kelin bo‘lib kiritilgan uydan foydalinish huquqi mavjud.
Qonunchilikda belgilanganidek, mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Shunga ko‘ra, qaynotangiz o‘ziga tegishli mulkka nisbatan yuqoridagi huquqlardan foydalanadi.
Shuningdek, meros fuqaroning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida ochilishini ma’lum qilgan holda meros mulki merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlanishi mulkdorning vafotidan so‘ng amalga oshirilishi mumkinligi ma’lum qilinadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!