Umid Ahmadjonov: "Avval ham aytganman, Ektor Kuperning ishlariga hech kim aralashmaydi"

Umid Ahmadjonov:  "Avval ham aytganman, Ektor Kuperning ishlariga hech kim aralashmaydi"

MOQ prezidenti hamda O‘zbekiston futbol assosiasiyasi vise-prezidenti hisoblanadigan Umid Ahmadjonov Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik futbolchilarning muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga munosabat bildirdi.

«Futboldan yuqoriroq natija kutgandik. Jamoaga katta ishonch bildirgandik. Shunchaki omad kelmadi, qolaversa hakamning xatolari mag‘lubiyatga sabab bo‘ldi.

Lekin bu bolalar chempionlikka loyiq edi. Ular borini berib o‘ynashdi. 3:2 hisobida oldinga chiqib olgandik ham. Janubiy Koreya ham finalda o‘ynayotgandek harakat qilishdi. Murabbiyimiz ham to‘g‘ri o‘zgarishlar qila olmadi», degan Umid Ahmadjonov.

Ahmadjonov milliy terma jamoadagi o‘zgarishlarga baho bergan.

«Avval ham aytganimdek Ektor Kuperning ishlariga aralashmayman. Hech kim aralashmaydi. Lekin o‘z takliflarimizni berishimiz mumkin. Kuper olimpiyachilarimizning o‘yinlarini kuzatdi. U yoshlarimizning imkoniyatlarini biladi. Istardimki, u asosiy terma jamoaga yoshlar jamoasidan ko‘proq futbolchi olsin», degan u olimpiyachilar tarkibidan kimlar milliy terma jamoa safiga o‘tishi mumkinligi haqidagi savolga javoban.

Umid Ahmadjonov shuningdek O‘zbekiston Superligasi formati borasidagi savolga javob qaytargan.

«Futbol federasiyasini qabul qilib olganimda chempionatdagi jamoalar 16ta edi, keyin 12taga kamaytirdik. Kerak bo‘lsa, 8tagacha kamaytirish mumkin. Klublar terma jamoaga xizmat qilishi kerak. Buning uchun klublarni kuchaytirish kerak. Kuchli klublar bir-biri bilan ko‘proq o‘ynashi kerak.

Hozir joriy qilingan format vaqtinchalik. Balki, keyingi yilda boshqa formatni ko‘rib chiqarmiz. Islohotlar davom etadi. Sportda yangilik qilib turilmasa, bo‘lmaydi», degan u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!