O‘FA 2020 yilning eng yaxshilarini taqdirladi

O‘FA 2020 yilning eng yaxshilarini taqdirladi

Bugun, 26 dekabr kuni Toshkentdagi «Zarafshon» zalida O‘zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan 2020 yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Dastlab, O‘FA hisobot kongressi o‘tkazilib, tashkilot bosh kotibi Avaz Maksumov O‘zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan yil davomida qilingan ishlar hisobotini berdi.

Jumladan, 2020 yilda Yaponiyadan 211 ming AQSh dollariga Superliga o‘yinlari uchun 2ta VAR tizimi sotib olingani hamda OFKning 800 ming dollarlik loyihasi asosida Nukus, Namangan, Buxoro va Toshkentda sun’iy qoplamali standart maydonlar qurib, foydalanishga topshirilgani qayd etildi.

Keyin esa marosimning rasmiy qismi yakunlanib, yil laureatlari va maxsus sovrinlar o‘z egalariga topshirildi. 

«Paxtakor» klubi va O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Jaloliddin Masharipov O‘zbekistonda 2020 yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida deb topildi. 

27 yoshli o‘yinchi o‘tgan mavsumda toshkentliklar bilan O‘zbekiston chempionati va Kubogida zafar quchdi, OCHLda chorakfinalgacha yetib bordi. Superligada 23ta o‘yinda maydonga tushib, 7ta gol urdi. Nomzodlar orasida Eldor Shomurodov («Jenoa») va Oybek Bozorov («Nasaf») ham bor edi.

«Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev O‘zbekistonning 2020 yildagi eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

Berdiyev qo‘l ostidagi «Nasaf» o‘tgan mavsumda Superligada 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi, O‘zbekiston Kubogida yarimfinalgacha yetib bordi. Nomzodlar orasida Vadim Abramov («Bunyodkor» klubi va O‘zbekiston milliy jamoasi) va Mirjalol Qosimov (OKMK) ham bor edi.

Barcha laureatlar bilan tanishing:
O‘zbek futboli nuroniysi – Yevgeniy Valiskiy 
Eng yaxshi yoshlar murabbiyi – Zaynidin Tojiyev
Superliganing eng yaxshi yosh futbolchisi – Abduvohid Ne’matov (Nasaf)
Samarali hamkorlik - Coca Cola, Apex, «Sport» va UZREPORT TV telekanali 
Maxsus sovrin - «Turon» futbol klubi
Pro liganing eng yaxshi futbolchisi – Abdulazizxon Abdurashidov («Turon»)
Fidoiylik ramzi - «Paxtakor» fan-klubi
Muxlislar mehri - «Nasaf» futbol klubi
Yilning eng yaxshi hakami – Ahrol Risqullayev
O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futzalchisi – Akbar Usmonov («Paxtakor»)
Eng yaxshi futbol jurnalisti – Zuhriddin Qilichev («Sport» TV)
Eng yaxshi hududiy assosiasiya – Farg‘ona viloyat futbol assosiasiyasi
Fair Play sovrini - «Oqtepa» futbol klubi
Jasorat sovrini – Hasan Rahimjonov
Superliganing eng chiroyli goli – Sanjar Tursunov (OKMK)
O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi ayol futbolchisi – Lyudmila Karachik («Bunyodkor»)
Superliganing eng yaxshi to‘purari – Dragan Cheran («Paxtakor»)
Superliganing eng yaxshi murabbiyi – Shota Arveladze («Paxtakor»)
Superliganing eng yaxshi futbolchisi – Jalolidin Masharipov («Paxtakor»)
O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi – Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf»)
O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi – Jaloliddin Masharipov («Paxtakor»).

Superliga-2020 ramziy terma jamoasi:
Darvozabon: Abduvohid Ne’matov («Nasaf»)
Himoyachilar: Murod Xolmuhammedov «Qo‘qon-1912»), Yegor Krimes («Paxtakor»), Farruh Sayfiyev («Paxtakor»)
Yarim himoyachilar: Marko Stanoyevich («Nasaf»), Nurillo To‘xtasinov («Bunyodkor»), Murod Toshmatov (AGMK), Aziz Turg‘unboyev («Navbahor»), Jaloliddin Masharipov («Paxtakor»), Dragan Cheran («Paxtakor»).
Hujumchi: Bobir Abdixoliqov («Nasaf»).

Marosimning yakuniy qismida O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov so‘zga chiqib, yakunlanayotgan yil sinovli bo‘lgani va kelasi yil o‘zbek futboli uchun juda muhim bo‘lishini, O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatiga chiqish uchun bor kuch va imkoniyatini sarflashi shartligi haqida gapirib o‘tdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!