Toshkent viloyatida uy qamog‘idagi shaxsning ziyofatida qatnashgan ikki nafar sudyaga qanday jazo tayinlandi?

Toshkent viloyatida uy qamog‘idagi shaxsning ziyofatida qatnashgan ikki nafar sudyaga qanday jazo tayinlandi?

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lumot berdi... 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudining raisi T.H. va Angren shahar ma’muriy sudining raisi E.P.ga nisbatan 2020 yil 4 iyun kuni xizmat tekshiruvi yakunlangan. Tekshiruv xulosasiga ko‘ra, 2020 yil 25 may kuni soat taxminan 19:30 larda T.H. va E.P., jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq shahar sudining 2019 yil 8 apreldagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 25,169-moddasi 4-qismi “a”, “v” bandlari bilan ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan D.N.ning tug‘ilgan kun tadbiri o‘tkazilayotgan Angren shahrida joylashgan “Zamin” kafesidan kechki ovqatlanishga taom olib ketish uchun borishgan. Buyurtma berilgan ovqatni tayyor bo‘lishini kutish jarayonida ularga notanish bo‘lgan, keyinchalik bilishlaricha “Doston” ismli yigit oldilariga kelib, ular bilan so‘rashib, tug‘ilgan kuni ekanini aytgan. Ularni ham tug‘ilgan kuni o‘tkazayotgan xonaga taklif qilganda, ular tug‘ilgan kun tadbiriga kirib o‘tirishgan. Ular bu harakatlari bilan “Sudyalarning odob-axloq kodeksi” qoidalari hamda karantin davrida majburiy qoidalar talablarini buzishgani aniqlangan.

Sudyalar oliy kengashining 2020 yil 17 iyundagi xulosasiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudining raisi T.H. va Angren shahar ma’muriy sudining raisi E.P.ni ma’muriy javobgarlikka tortishga ruxsat berilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudlari sudyalari malaka hay’atining 2020 yil 17 iyuldagi qaroriga muvofiq, T.H. va E.P.ni MJtKning 54-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan.

T.H. va E.P. MJtKning 54-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganliklari uchun ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari – 669.000 so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan. 

Sudyalar oliy kengashining 2020 yil 7 iyuldagi qaroriga ko‘ra, E.P. sudyalik vakolatining qolgan muddati davriga (quyi va boshqa hududdagi) jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati Namangan shahar sudining sudyasi lavozimiga qayta tayinlanib, Angren shahar ma’muriy sudining raisi lavozimidan ozod qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!