Tintuv qilingan Maxmud Rajabning uyidan “Payg‘ambarlar tarixi” kitobi olib ketilgani rostmi?

Tintuv qilingan Maxmud Rajabning uyidan “Payg‘ambarlar tarixi” kitobi olib ketilgani rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda yuqoridagi nom bilan tarqatilgan xabar O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan o‘rganib chiqilib, ma’lum qilinishicha, 2019 yilning 26 mart kuni I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga Istanbul-Toshkent yo‘nalishidagi aviareys bilan O‘zbekiston Respublikasiga kelgan Radjapov Maxmud Karimovichning qora rangli sumkasi bojxona xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda, undan bojxona ko‘rigida taqdim etilmagan jami 26 dona kitoblar hamda bir dona Mi 5+ rusumli uyali telefon apparati xotirasida diniy mazmundagi, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallar (video, audio yozuvlar va elektron kitoblar) borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yilning 30 aprel kuni Toshkent-Aero ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan M.Radjapovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi (Kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2019 yil 8 maydagi ko‘rsatmasiga asosan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergovni o‘tkazish Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasiga yuklatilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari davomida, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat prosessual kodeksining 158-161, 163-moddalari tartibida, Xorazm viloyat prokuraturasi sanksiyasi (ruxsati) bilan 2019 yil 10 mayda M.Radjapovning Gurlan tumani, Birlashgan qishlog‘ida joylashgan xonadoni va yordamchi xo‘jaliklarida viloyat va tuman IIB xodimlari, xolislar, shuningdek, Shang‘i mahalla fuqarolari yig‘ini faollari ishtirokida tintuv tergov harakati o‘tkazilgan.

Tintuv davomida M.Radjapovning xonadonidan uyali telefon, noutbuk, disklar, 3 dona Turkiya davlatida chop qilingan (shu jumladan, Payg‘ambarlar tarixi ) diniy mazmundagi kitoblar va boshqa hujjatlar o‘rganish uchun olingan. Tintuv yakunida gumon qilinuvchi M.Radjapov bayonnomaga imzo chekishdan bosh tortgan, bu haqda tintuv bayonnomasida ko‘rsatib o‘tilgan.

Bundan tashqari, tintuv tergov harakati O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat prosessual kodeksining 91-moddasi 4-qismi talablariga asosan to‘liq videoyozuv vositasidan foydalangan holda qayd etilib, tintuv bayonnomasiga ilova qilingan.

Shuningdek, tergov harakatlari davomida M.Radjapovdan olingan ashyoviy dalillar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat prosessual kodeksining talablari asosida tegishli (dinshunoslik, sud-siyosatshunoslik-lingvistik, kompyuter-texnik) ekspertizalar tayinlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti rahbariyati tomonidan nazoratga olingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!