Tijoratdagi xiyonatning oilaga ta’siri

Tijoratdagi xiyonatning oilaga ta’siri

Podshoh vazirini chaqirib bozorning ba’zi joylaridan shikoyat borligini aytib,  tartibga solishni topshirdi. Oqil vazir bozorni aylanarkan, bir yigit qo‘li qo‘liga tegmay savdo qilayotganini ko‘rdi. Sinchiklab qaradi-da, uning tijoratida xiyonat borligini sezdi. O‘zini tanitmay bozorni nazorat qilishda davom etdi.

Biroz o‘tib, boyagi savdogar yigitning oldiga qaytib kelarkan: “Hormang, savdolar juda yaxshi-ku!” dedi. Savdogar yigit: “Allohga shukr”, dedi. Uning ko‘zlaridagi ma’yuslikni payqagan dono vazir yaqinroq kelib: “Ahvoling qalay, oila tinchmi, farzandlar nechta?” deb so‘radi. Yigit to‘lib turgan ko‘nglini bexosdan bo‘shatib: “Ey otaxon, bir kam dunyo deganlari shu bo‘lsa kerakda, savdolarim ko‘rib turganingizdek yaxshi, biroq oilam notinch, xotinim tuzalmas dardga chalingan, bir qizim nogiron tug‘ilgan, yaqinda esa soppa-sog‘ o‘g‘lim pastgina joydan yiqilib, u ham majruh bo‘lib qoldi, kichik o‘g‘lim esa tinmay yo‘taladi” dedi.

Tashvishi ko‘pligini bilgan vazir unga: “Yuring bozor aylanamiz, ko‘nglingiz biroz yoziladi”, dedi-da, halol savdo qilayotgan, lekin oldida xaridor kam bo‘lgan do‘kondor oldiga boshlab bordi. Undan hol-ahvol so‘radi. U ham Allohga shukr aytib: “Savdolarimiz Alloh rizq qilganicha yaxshi bo‘lyapti, oilam tinch, to‘rt o‘g‘il, uch qizim bor, hammasi sog‘u salomat, hammasi o‘qimishli, onasi ham bolalarim bilan birga keksaygan ota-onam xizmatida, bundan xotirjam, baxtli hayot bo‘lmasa kerak”, dedi.

Biroz suhbatdan so‘ng vazir do‘kondordan uzr so‘rab avvalgi savdogarni chetga tortdi va: “Ey o‘g‘lim siz bu yigitdan o‘n barobar ko‘p savdo qilasiz, ammo tijoratingizda xiyonat bo‘lgani uchun xonadoningizda baraka yo‘q, xotiningiz ham, farzandlaringiz ham kasaldan chiqmaydi. Hasratu nadomatingiz olamga sig‘maydi. Bu do‘kondor ozgina bo‘lsa-da halol savdo qiladi, shuning uchun ota-onasi, xotin, bola-chaqalari hammalari sog‘-salomat xotirjamlikda yashaydi, men vazir sifatida sizni ogohlantiraman, tijoratingizda yana bir bor xiyonatni ko‘rsam sizga qonuniy jazo qo‘llayman, o‘ylaymanki ko‘zingiz ochildi”, deb o‘zini tanitdi...

Ogoh bo‘ling, ibrat oling azizlarim! Diyonat faqat ibodatda emas, ijtimoiy hayotning hamma jabhalarida bo‘lishi kerak!

Abdulmajid ISAQOV,
Qo‘qon shahar bosh imom-xatibi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!