Tijorat banklari xodimlari shaxsiy avtomobillariga ham stiker berilishi mumkin

Tijorat banklari xodimlari shaxsiy avtomobillariga ham stiker berilishi mumkin

Davlat soliq qo‘mitasi karantin davrida korxonalar ishini yengillashtirish va uzluksiz faoliyat yuritishi uchun maqbul sharoitlar yaratish maqsadida yirik soliq to‘lovchilarning transport vositalariga maxsus ruxsat beruvchi stikerlar berilishini e’lon qildi. Unda aytilishicha, ruxsat beruvchi stikerlar yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiruvchi korxonalar xodimlarining shaxsiy yoki xizmat avtotransport vositalari uchun beriladi.

Tegishli nizomga asosan, tijorat banklari ham yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Qo‘mita saytidagi yirik soliq to‘lovchi korxonalar ro‘yxatidagi 1620 ta korxona tashkilotdan 685 tasi tijorat banklari infratuzilmalari hisoblanadi. Demak, adashmayotgan bo‘lsak, banklar va ularning filiallari xodimlari ham, soliq qo‘mitasi tomonidan har bir tashkilot uchun belgilanadigan kvotadan oshmagan holda stiker olishlari mumkin. 

Ruxsat beruvchi hujjatni olish uchun faqat onlayn tarzda soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron soliq xizmatlari portalida (https://my.soliq.uz) maxsus anketani to‘ldirib ariza berish mumkin. Avtotransportda harakatlanish uchun kerak bo‘ladigan maxsus QR-kodli ruxsatnomani printer orqali chop etish lozim. U ariza yuborilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida  shakllantiriladi. Ruxsat berish uchun hech qanday to‘lov olinmaydi.

Ruxsat beruvchi stiker u olingan kundan boshlab 30 kun mobaynida harakatlanish huquqini beradi.

Avtotransport vositasidan foydalanish uchun ruxsat beruvchi stiker olgan xodimlar mehnat daftarchasining nusxasi va ish joyidan berilgan tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi kerak. Xodimlarga faqat belgilangan yo‘nalish bo‘yicha, xizmat maqsadlarida soat 9:00 dan 18:00 gacha transport vositasidan foydalanishga ruxsat beriladi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!