SMS ortidagi fojia yoxud hazilning tagi – zil

SMS ortidagi fojia yoxud hazilning tagi – zil

Maktabni tugatganiga besh yil o‘tgan bo‘l sa-da, sinfdoshlar, ayniqsa, yigitlar to‘y, tug‘ilgan kun bahonasida tez-tez uchrashib turishadi. Diydorlashgan vaqt, albatta, maktab davri, bolalik sho‘xliklari, qiziqarli hangomalar yodga olinadi. Navbatdagi uchrashuvda yigitlar kelmagan sinfdoshlariga SMS yuborishadi. Yomoni, sinfdosh qizlarga yuborilayotgan xabarlarning aksariyati hazil tariqasida yozilgan bema’ni jumlalardan iborat edi.

Meni dog‘da qoldirib, o‘zgaga erga tegding. Seni sevaman, deganding-ku bevafo , degan mazmundagi SMSni yigitlar sinf sardori bo‘lgan qizga yuborishdi.

Kutilmaganda, noma’lum raqamdan kelgan xabarni er-xotin birga o‘qishadi. Dahanaki boshlangan jang jiddiy tus oladi. Erning g‘ururi ustunlik qilib, xotinining yuziga tarsaki tushiradi. Uni xiyonatda ayblaydi.

Birgina hazil ortidan guldek bir oilaga darz ketadi. Ikki nafar farzand ota-ona bag‘rida kamol topishdan mosuvo bo‘ladi. Ayolning otasi sinfdosh yigitlarni topib, farzandining begunohligini isbotlashga harchand urinmasin, g‘isht qolipdan ko‘chgandi. g‘urur tufayli er xotini bilan ajrashdi.

Bugun hayotimizning ajralmas bir qismiga aylangan uyali aloqa vositasi bizga qator imkoniyatlarni bergan bo‘lsa-da, salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqarayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bema’ni SMSlar, internetdagi tanishuvlar, soxta axborotlar kunlik ehtiyojga aylandi. Bu borada me’yorni unutayotganlar, rostni yolg‘ondan ajratolmayotganlar ko‘plab topiladi. Oqibatda qanchadan-qancha oilalar barbod bo‘lib, bolalar tirik yetim bo‘lib qolmoqda. Soxta tanishuvlar ortida aldanib qolayotgan qizlarimiz, yigitlarimiz qancha. Barchasi uyali aloqa vositasi imkoniyatlaridan to‘g‘ri, samarali foydalanmayotganimiz oqibatidir.

Telefon, avvalo, so‘zlashuv uchun yaratilgan vositadir, deydi keksa maorif xodimi Asad Haydarov. Texnika taraqqiyoti davrida telefonning vazifalari ancha kengaydi. Farzandimizga ushbu matohni olib berayotganimizda, undan oqilona, to‘g‘ri maqsadlarda foydalanishini ham tushuntirishimiz lozim.

Azim QODIROV,

zarnews.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!