Shoqosim Shoislomovning Birinchi Prezident haqidagi xotiralari

Shoqosim Shoislomovning Birinchi Prezident haqidagi xotiralari

Islom Karimov nomidagi jamoatchilik fondining Facebook’dagi sahifasida Shoqosim Shoislomovning Birinchi Prezident haqidagi xotiralari e’lon qilindi. Uni to‘lig‘icha keltirib o‘tamiz.

«O‘zbekistonga qarshi boshlangan qatag‘on kampaniyasi avjiga chiqqan kezlarda Kremldagilar, nihoyat, respublika boshqaruv idoralarini Ittifoqning turli hududlaridan keltirilgan kadrlar bilan muttasil to‘ldirib borish mumkin emasligini tushunib yetdilar. 1986 yilning boshida Moskvada (keyinchalik turli lavozimlarda foydalanish uchun) 35 yoshdan katta bo‘lmagan 40 kishidan iborat «yosh kadrlar zaxirasi»ni tuzishga qaror qilishdi. Markaziy Qo‘mita tashkiliy bo‘limi instruktori lavozimida ishlayotgan kamina ham ushbu guruhga olindi. G‘oya tashabbuskorlarining rejasiga ko‘ra, ushbu guruhni muntazam o‘qitish, respublika rahbariyati bilan uchrashuvlar tashkil etish va boshqa tadbirlar ko‘zda tutilgan edi.

1986 yil mart oyida bizga O‘zbekiston SSR Ministrlar Kengashi raisining o‘rinbosari – Davlat reja qo‘mitasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi. Shanba kunlaridan birida biz Ministrlar Kengashi binosining oltinchi qavatidagi zalda yig‘ildik. Zalga ko‘rinishidan yosh, tik qomatli kishi kirib keldi. Bu Islom Abdug‘aniyevich Karimov edi. U kishi vazminlik bilan, hissiyotlarga berilmay, respublika iqtisodiyotining ahvoli haqida so‘zlab berishlarini aytdilar. Keyin esa qog‘ozga qaramasdan, 40 daqiqa davomida bizning tasavvurlarimizni ostin-ustun qilib yuborgan holatlar haqida hikoya qildilar. O‘sha davr matbuoti va televideniyesida e’lon qilingan «Sharqdagi sosializm mash’alasi» qo‘lga kiritayotgan davomli muvaffaqiyatlar haqidagi g‘alaba hisobotlariga o‘rganib qolgan emasmizmi, biz, eshitganlarimizdan shunchaki o‘zimizni yo‘qotmadik, balki yakson etilgan holga tushdik. O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy holatini ipidan ignasiga qadar yaxshi bilgan Islom Abdug‘aniyevich dahshatli raqam va faktlarni keltirgan edilar. Ma’lum bo‘lishicha, respublikamiz aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha sobiq Ittifoqda so‘nggi o‘rinlarda ekan.

Go‘yo azaxonaga aylangan zalda yurakni ezadigan sukunat hukm surar edi. Guruhning aksar a’zolari mintaqalardan – viloyat va tuman darajasidagi rahbar xodimlar edi. Keltirilgan dalillar, ayniqsa, ularga favqulodda ta’sir etgandi.

Islom Abdug‘aniyevich so‘zlarini yakunlab, savollar bormi, deb so‘radilar. Barchamiz o‘zimizni yo‘qotib, boshimizni xam qilgancha, jimgina o‘tirar edik. Garchi «oshkoralik» deb atalgan davr e’lon qilingan bo‘lsa-da, bu – ochiqligi va baho-munosabatlarning shafqatsizligi jihatidan favqulodda kutilmagan chiqish edi. Negaki, o‘sha kuni aytilgan aksar fikrlar hattoki tor doira yoki ishonchli do‘stlar davrasida ham ming bir ehtiyotkorlik bilan muhokama etiladigan gaplar edi.

Cho‘zilib ketgan sukunat sabab yuzaga kelgan o‘ng‘aysizlikni yo‘qotish uchun men guruhboshi sifatida «O‘zbekistondagi vaziyat shu qadar og‘ir ekan, respublika rahbariyati nega chora ko‘rmayotir?» deb savol berdim. Islom Abdug‘aniyevich zalga diqqat bilan razm solib chiqqach, «Men ham shuni bilishni istar edim», dedilar. Ya’ni halokatli vaziyat xususidagi haqiqatlarni shaxsiy tashabbuslari bilan oshkor qilganlari ma’lum bo‘ldi. Bu voqea O‘zbekistonda Anishev va uning to‘dasi hukmfarmolik qilayotgan, ular partiya Markaziy Qo‘mitasi, Sovet ittifoqining Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB), Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa huquq-tartibot idoralari, umuman, butun hokimiyatni egallab olgan davrda ro‘y bergan edi. Islom Karimov bu bilan mislsiz jasorat ko‘rsatganlarini ta’kidlashga hojat bo‘lmasa kerak: zero, u kishi hamma yerda ayg‘oqchi va josuslar hoziru nozir ekanini yaxshi bilar edilar.

Vatanparvarlik, badnom etilgan millat qayg‘usi, sobiq Ittifoqning turli hududlaridan kelgan muttahamlar galasi tomonidan g‘orat etilayotgan Vatan taqdiriga kuyinish kabi xislatlar u kishini ana shunday mardonavor harakatga undagan edi.

…Bu voqeadan bir necha oy keyin Islom Karimovni o‘sha davrda eng og‘ir holatda bo‘lgan Qashqadaryo viloyatiga yuborishdi. Muammolar girdobida qolgan viloyat rahbariyatidan istagancha kamchilik topish mumkin – g‘animlar aqlli, qat’iy irodali ekani bois ularga nomaqbul bo‘lgan insondan shu yo‘l bilan qutulishni ko‘zlagan edilar.

O‘zbekistonning bo‘lajak rahbari keyinchalik qanday mashaqqatli siyosiy yo‘lni bosib o‘tgani ko‘pchilikka ma’lum. «Yosh kadrlar zaxirasi» g‘oyasiga kelsak, Markazning boshqa ko‘plab tashabbuslari kabi, bu tashabbus ham biz hikoya qilgan uchrashuvdan keyin bekor bo‘ldi va boshqa eslanmadi».

Muallif haqida: 2005 yildan 2018 yilgacha O‘zbekistonning Tojikistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, 2018 yildan boshlab O‘zbekiston kasaba uyushmalari federasiyasi qoshidagi Axborot-tahlil markazi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!