Shifokorlar:”Italiya Xitoyning xatolarini takrorlamoqda”

Shifokorlar:”Italiya Xitoyning xatolarini takrorlamoqda”

Evropa davlatlariga tashrif buyurgan bir guruh xitoylik ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, Italiya koronavirusning yengil formasiga chalingan bemorlarni uy karantini o‘rniga, boshqalardan alohida ajratilgan karantinga olishi kerak.

Uxandagi shifokorlar virus tarqalgan ilk davrda xuddi shunday xatoga yo‘l qo‘ydilar, dedi G‘arbiy Xitoy kasalxonasining nafas kasalliklari bo‘limi boshlig‘i Liang Zong‘’An. O‘sha paytda og‘ir ahvoldagi kasallar shifoxonalarga yotqizilgan bo‘lsada, shifokorlar kasallikni yengil darajada o‘tkazayotgan odamlarga uylarida o‘zlarini karantin qilishlarini tavsiya qilishgan.

O‘sha vaqtlarda virus qanchalik yuqumligi haqida yaxshi ma’lumot mavjud emas edi. Hatto virusning yengil darajasiga chalingan va unchalik kasalga o‘xshamaydigan odamlar ham kasallikni tarqatishi mumkinligi haqida yaxshi tasavvur bo‘lmagan. Endilikda, tadqiqotchilar yengil alomatli bemorlar ham uyda virusni oila a’zolariga, shuningdek, uydan tashqaridagi odamlarga yuqtirishlari mumkinligini bilishadi.

«Ko‘chaga chiqish ta’qiqlangani sababli hozirgi paytda ko‘plab mamlakatlarda koronavirus tarqalishidagi aksariyat holatlat uy sharoitida ro‘y bermoqda. Ya’ni, kasallar uyda o‘z oila a’zolariga virusni yuqtirishyapti. Endi biz oilalarga borib, bemorlarni topishimiz va ularni xavfsiz tarzda izolyasiyaga olishimiz kerak» dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha rahbari Mayk Rayan dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Koronavirusning “vatani” bo‘lgan Uxanda fevralning boshidanoq ofislar, stadionlar va gimnaziyalardan vaqtincha shifoxonalar sifatida foydalanib barcha yengil holatdagi bemorlar karantinga olina boshlandi. Bu esa virus tarqalishini keskin kamaytirishga xizmat qilgan. Natijada o‘tgan yilning dekabr oyi oxirida vujudga kelgan koronavirus butun jahon bo‘ylab avj olayotgan hozirgi paytda Uxanda bu kasallik tarqalishining to‘xtashiga erishildi.

Ma’lumot o‘rnida, Italiyada koronavirusdan vafot etganlar soni 11,000 dan oshdi, bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Dunyo miqyosida 740,000 dan ortiq odam kasallikni yuqtirib oldi va 35,000 dan ortiq odam uning qurboniga aylandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!