«Shaytanat» serialida Zaynab rolini ijro etgan aktrisa nega almashgandi?

«Shaytanat» serialida Zaynab rolini ijro etgan aktrisa nega almashgandi?

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diyev «Daryo» internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni «Daryo» muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Yodgor Sa’diyev suhbat davomida «Shaytanat» serialidagi Asadbekning qizi Zaynab obrazini ijro etayotgan Navro‘za Biynazarova serialning 7-qismida aktrisa Ra’no Shodiyevaga almashib qolish sababi haqida gapirib berdi.

Buni ochiq aytishim mumkin. Bu masalada yuragim xuruj qilishiga ozgina qolgan. Bu ishlangan narsa, men buni aniq bilaman. Hozir gapirishni hojati ham yo‘q. Zaynab rolini ijro etayotgan Navro‘za Biynozova keldi-da, men hali turmushga chiqmaganman, u qiz ‘narkoman’ bo‘lar ekan, dedi. Lekin sen o‘qigan eding-ku! Yo‘q, men o‘ynamayman degan. Ana undan so‘ng menda juda katta muammo paydo bo‘ldi. Keyin men o‘ylay boshladim. Ochig‘ini aytsak, o‘zi men boshida Navro‘za Biynozovani Zaynab rolini o‘ynashini xohlamagan edim. Buni shunaqa qilib o‘tkazishdi. Tohir Malikni ham o‘rtaga qo‘shib, oxiri Tohir aka ‘bo‘ladi-ku, yaxshi-ku’, deganiga badiiy rahbar sifatida mayli deganman.

Keyin baxtimga Ra’no Shodiyeva chiqdi. Men unga aytganman, ‘mana shu rolni o‘ynaysan, keyin sen Ra’no Shodiyeva bo‘lasan. Xalqqa tanilasan, unvonlar ham olasan’, deganman. Bu gap uni esidami, yo‘qmi, bilmadim. Lekin Ra’no unaqa emas, u biladi. Almashgani ham yaxshi bo‘lgan, chunki serialning keyingi qismlarini Navro‘za tortolmasdi. Aktrisa sifatida, chunki u aktrisa emas edi. Buni Ra’no tortib ketdi, hattoki o‘sha bitta epizodida, haligi, Kesak polvon bilan ‘Otam nima kasal’ degan epizodining o‘zida holatga kirib, ko‘zidan yoshlar oqib ketgan. Biz uchun u yaxshilik edi. Biz baho sifatida qaraydigan bo‘lsak, to‘rtni beshga almashtirdik. Navro‘za ham o‘zining roli bo‘yicha eplab chiqib ketgan. O‘zining sokinligi bilan, Jahongir Qosimovning, bizning aytgan gaplarimiz bilan. Lekin buyog‘ini eplashi uchun katta mahorat kerak edi.

Yodgor Sa’diyev, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!