Shavkat Mirziyoyev Namanganda 10 ming xil dizayndagi zargarlik buyumlari ishlab chiqariladigan korxonada bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev Namanganda 10 ming xil dizayndagi zargarlik buyumlari ishlab chiqariladigan korxonada bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev 25 mart kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurdi va dastlab Yangi Namangan tumanidagi “Gavhar grup” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu korxona yiliga 1 ming 200 kilogramm zargarlik buyumlarini sanoat usulida ishlab chiqarish quvvatiga ega.

O‘zbekiston zargarligi qadimdan mashhur. Jumladan, Namanganda ham “qo‘li gul” hunarmand sulolalar bo‘lgan. Lekin yetarli sharoit bo‘lmagani, xom ashyo sotib olishdagi qiyinchiliklar sababli ko‘p zargarlar faoliyatini to‘xtatgan edi. Bori ham buyumlarni qo‘l mehnatida tayyorlardi.

Prezidentning 2019 yil 18 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha vakillariga keng imkoniyatlar ochdi. Xususan, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga kon-metallurgiya kombinatlari va aholidan qimmatbaho metall parchalari, qimmatbaho toshlar va ulardan yasalgan buyumlarni sotib olish huquqi berildi. Xorijdan texnologiya va mutaxassislar olib kelish qo‘llab-quvvatlandi.

Ta’kidlanishicha. bunday e’tibor va imkoniyatlar zargar tadbirkorlarga ishonch berdi. “Gavhar grup” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham shu tariqa vujudga keldi. Turkiya, Italiya, AQSh va Germaniyadan zamonaviy uskunalar keltirilib, 2022 yilda ishga tushirildi.

Bugungi kunda korxonada 10 ming xil dizayndagi zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Chet ellar bilan hamkorlikda qo‘l soatlarining tilla korpusini tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. 2023 yilda 270 kilogramm mahsulot ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, bu yerda 3D modellashtirish orqali buyurtma asosida istalgan ko‘rinishdagi buyumlarni ishlab chiqarish mumkin.

Oltinni Tovar-xom ashyo birjasidan kechiktirib to‘lash sharti asosida sotib olish imkoniyati aylanma mablag‘ va ishlab chiqarish uzviyligida muhim omil bo‘lmoqda.

Yana bir muhim tomoni, korxonada mahalliy zargarlar bilan kooperasiya yo‘lga qo‘yilgan. Natijada yashirin ishlaganlar “soya”dan chiqdi, ish o‘rinlari ko‘paydi. Korxonada 100 dan ortiq kishining bandligi ta’minlangan. Shu yerning o‘zida yoshlarga hunar ham o‘rgatiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!