Shavkat Mirziyoyev Human agentligidan jabrlangan mingdan ortiq fuqaroning pullarini davlat hisobidan qaytarish haqida ko‘rsatma berdi

Shavkat Mirziyoyev Human agentligidan jabrlangan mingdan ortiq fuqaroning pullarini davlat hisobidan qaytarish haqida ko‘rsatma berdi

Human xususiy bandlik agentligi faoliyatidan jabrlangan fuqarolar bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuv tashkil etilishini talab qilib, 17 fevral kuni Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga to‘plandi. «Daryo» muxbiri Musulmonbek Ibrohimovning xabar berishicha, jabrlanuvchilar bandlik agentligi tomonidan ularga yetkazilgan zararni tezroq qoplab berilishini talab qilgan.

Agentlik rahbari Shohnur Fayzullayev va boshqalar yuzlab fuqarolardan Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Bolgariya va Litvaga ishga jo‘natishni va’da qilib, ularning har biridan (taklif etilgan ishdan kelib chiqqan holda) 6,3 million so‘mdan 35 million so‘mgacha pul olgan, biroq amalda ularni hech qayerga yubormay, juda ko‘p miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirgan.

Agentlik rahbarlari xuddi shu ayblov bilan sudga tortilgan, xususan, 27 yanvarda Human xususiy bandlik agentligining rahbari Shohnur Fayzullayev 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Sud 1 080 nafardan ortiq jabrlanuvchi foydasiga 21,19 milliard so‘mdan ziyod miqdordagi moddiy zararni Shohnur Fayzullayev hisobidan undirishni belgilagan edi.

17 fevral kuni Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga to‘plangan fuqarolar tergov va sudning yakunini kuta olmasligi, ishsiz qolgani, ayrimlarining uyda bolalari och o‘tirganini ta’kidlagan. Ular davlat tomonidan lisenziya berilganiga ishonib, xususiy agentlikka pul topshirgani, shu bois endi davlat zararni qoplashda yordam ko‘rsatishi kerakligini aytgan.

Kunning birinchi yarmida e’tiroz bilan kelgan fuqarolar bilan bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov uchrashgan. U fuqarolarni xotirjamlikka chaqirib, barcha ziddiyatli masalalarga qonuniy baho berilishi, ishni tartib bilan ko‘rib chiqishni tavsiya qilgan. Shuningdek, u soat 17:00 da qo‘shimcha uchrashuv o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Soat 17:00 dagi uchrashuvda Human xususiy bandlik agentligi faoliyatidan jabr ko‘rgan fuqarolar bilan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov uchrashdi va savollarga javob qaytardi, deya xabar bermoqda «Daryo» muxbiri Musulmonbek Ibrohimov. Bosh vazir yuzaga kelgan holat yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga axborot berilganini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng, bosh vazirning ta’kidlashicha, Prezident 1086 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasidan qoplab berishga ko‘rsatma bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, jamg‘armadan hisobidan ajratilgan pullar fuqarolardan firibgarlik yo‘li bilan olingan mablag‘lar hisobidan undirib olinadi. Human xususiy bandlik agentligi faoliyatidan jabr ko‘rgan fuqarolar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 71 200 00 61 ishonch telefoni orqali qo‘shimcha ma’lumot olishlari mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!