Shahrisabzdagi dehqon bozorida dehqonlarga ajratilgan rastalar bo‘m-bo‘sh, dehqon esa ko‘chada savdo qilmoqda

Shahrisabzdagi dehqon bozorida dehqonlarga ajratilgan rastalar bo‘m-bo‘sh, dehqon esa ko‘chada savdo qilmoqda

Shahrisabz shahridagi Yangikesh dehqon oziq-ovqat bozori da dehqon uchun ajratilgan rastalar bo‘m-bo‘sh, dehqon esa ko‘chada savdo qilmoqda. Voqeaga Shahrisabz shahriga safarimiz davomida guvoh bo‘ldik, deya yozadi turon24.

Joy muammo bo‘lgani uchun ko‘chada savdo qilishga majbur bo‘layapmiz, deydi anor yetishtiruvchi dehqon Sunnatulla Ergashev. Ammo uch ming so‘mdan chek pulini to‘laymiz. Yo‘qsa bizga ruxsat berishmagan bo‘lardi .

Ba’zi dehqonlarning fikricha, bozor ichidagi rastalarni asosan savdogarlar egallab olgani uchun dehqonlar ko‘chani ma’qul ko‘rmoqda.

Biz ham barcha sharoitlarga ega rastalarda o‘tirib savdo qilishni istaymiz, deydi olma sotuvchi dehqon Lola Eraliyeva. Oyog‘imizdan nam o‘tib, ko‘chada o‘tirishni istamasdik, albatta. Ammo nachora. Asosiy joylarni savdogarlar egallashgan .

Yana bir dehqon Gulshan Soatovaning aytishicha, dehqonlardan ko‘chada savdo qilishgani uchun ham uch mingdan emas, besh ming so‘mdan chek puli yig‘ishadi.

Men har doim ko‘chada savdo qilganim uchun ham besh ming so‘mdan chek puli to‘layman, deydi Gulshan Soatova. Dehqonlar qayerda bo‘lsa shu yer qulayda biz uchun. Chunki dehqon mahsulotini arzon sotadi. Biz ham arzon sotib, tezroq qaytsak deymiz .

Ismini oshkor qilishni istamagan dehqonning aytishicha, bozor ichidagi rastalarda dehqon uchun joy yo‘q.

Rastalarni savdogarlar egallab olib, o‘zlari ham tashqariga chiqib savdo qilishadi. Xuddi dehqondek , deydi suhbatdosh.

Yana bir ismini ochiqlamagan suhbatdosh savdogarning aytishicha, bozor rahbariyati dehqon uchun ham, savdogarlar uchun ham yetarli darajada sharoit yaratib bergan. Ammo dehqonlar ham, savdogarlar ham yaxshi savdo qilish maqsadida ko‘chaga chiqib ketishadi.

Maftuna Nurmatova, Bahrom Sultonov ismli savdogarlarning aytishicha, bozor rastalari talabga javob bermaydi.

Yaratib berilgan sharoit talabga javob bermasa-da, tirikchilik qilishimiz kerak-ku, deydi Bahrom Sultonov. Shuning uchun bor imkoniyatdan foydalangan holda boriga baraka qilib savdo qilaveramiz .

Holat bo‘yicha bozor rahbariyatining fikri bilan qiziqqanimizda, rahbariyat dehqonlarga yaratib berilgan sharoit ko‘ngildagidek ekanini aytib, dehqon va savdogarlarning gapini inkor qildi.

Kimdir bozorimizga kelib savdo qilmoqchi bo‘lsa, biz u kishi xoh dehqon bo‘lsin, xoh savdogar, albatta rasta bilan ta’minlaymiz, deydi Yangikesh dehqon oziq-ovqat bozori MCHJ ta’sischisi Baxtiyor Xurramov. Qolaversa tarozi bilan ham ta’minlab, so‘ngra bir martalik chek bergan holda joy uchun pul to‘lashlarini talab qilamiz. Bozordan tashqarida savdo qilishsa hech qanday pul to‘lashmaydi. Agar bizga pul to‘lashsa, albatta chek beramiz .

Ko‘chada savdo qilganimiz uchun 3 ming so‘m to‘laymiz, ichkarida esa 8 ming, deydi dehqon Zebiniso Boynazarova. Ammo hech qachon chek berishmaydi. Bizdek dehqonlar uchun qayer arzon bo‘lsa shu qulay. Chunki mahsulotimizni arzon narxda sotamiz. Qoladigan daromadimiz juda kam. Qolaversa tezroq sotib ketishni xohlaymiz .

Zebiniso Boynazarovaning aytishicha, ichkaridagi rastalarning chek puli qimmat. Bu esa dehqonning cho‘ntagiga zarar.

Bozorda nazoratchilarimiz faoliyat olib boradi. Chekchi agar savdogarga chek bermasa, nazoratchi buni nazoratga oladi, deydi bozor ta’sischisi Baxtiyor Xurramov. Savdogar chekka pul to‘lagach, chekni ham talab qilishi kerak-da. Boisi o‘sha chek savdogarga o‘sha kuni bozor hududida savdo qilish huquqini beradi.

Bozor rahbariyatining aytishicha, dehqonlar ko‘pincha chek pulini to‘lashdan qochib, bozor tashqarisiga chiqib olishadi. Bu esa bozor tashqarisining ifloslanishiga olib keladi.

Biz ularni daydi dehqonlar deb ataymiz, deydi bozor ta’sischisi Baxtiyor Xurramov. Chunki ularning yoniga chekchi borsa ular ikkita chelagini olib qochishga tushadi. Ular hech qachon chek pulini to‘lashmaydi. Biz ularni bozor hududidan quvamiz. Bozor tashqarisidagi hudud egasi esa ularni quvadi. Xullas ular o‘rtada sarson. Chunki ular soxta dehqonlar-da. Eng yomoni bozor tashqarisi ifloslanib ketishi oqibatida xodimlarimiz yarim kechasi soat 2 gacha ko‘cha tozalashga majbur bo‘lishadi .

O‘sha kungi kuzatuvlarimizga ko‘ra bozor ichkarisida ham savdogarlar rastani tashlab, mahsulotlarini yo‘lakchalarga qo‘ygan holda savdo qilishmoqda.

Ko‘pincha xaridor rastadan savdo qilgandan ko‘ra yo‘lakda yurib ketar chog‘i yo‘lidan chiqqan mahsulotni olishga odatlangan, deydi Baxtiyor Xurramov. Shuning uchun ham savdogarlarimiz yo‘laklarga chiqib ketishadi .

Bozor rahbariyating ma’lum qilishicha, bozorda 400 ta tadbirkor faoliyat yuritadi. Bozorda 900 o‘ringa mo‘ljallangan rasta bo‘lib, bozor daromadidan mahalliy byudjetga har oy 350 million so‘m mablag‘ tushadi.

10 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘i evaziga bozorni qayta qurmoqchimiz, deydi bozor rahbariyati. Yaqin kunlarda qurilish ishlari boshlanib, bozorni 2019 yilning mart oyida foydalanishga topshirishni rejalashtirayapmiz .


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!