Shahrisabz tumani hokimi ehtiyojmand oilalarga pul tarqatmagani sababli ishdan olindi

Shahrisabz tumani hokimi ehtiyojmand oilalarga pul tarqatmagani sababli ishdan olindi

Shahrisabz tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Isroil Omonov vazifasidan ozod etildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi ma’lum qildi.

Xabar berilishicha, 30 iyul kuni Xalq deputatlari Shahrisabz tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda viloyat hokimi Zoir Mirzayev so‘zga chiqib, tumanda amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emasligini ta’kidladi. «Ayniqsa, fuqarolar murojaatlari, ta’lim tizimi, yo‘llar, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va eksport masalalariga umuman e’tibor qaratilmagan», — deyiladi hokimlik xabarida.

Ma’lum qilinishicha, tumandagi 30 ta maktabda isitish tizimi yo‘q, 6 tasi ta’mirtalab. Maktabgacha ta’limga qamrov 47 foizni tashkil qiladi.

Qayd etilishicha, Prezident qarori bilan 30 iyul kuni viloyatdagi 20 mingta ehtiyojmand oilaga bir million so‘mdan naqd pul berilishi boshlangan. Ammo Shahrisabz tumanida 1040 nafar ehtiyojmand oila bo‘la turib, tumanda ularga pul tarqatilmagan. «Sababi — mas’ullarda hisob-kitob bo‘lmagan», — deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Yuqoridagi bir qator kamchiliklardan kelib chiqib, tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Isroil Omonov vazifasidan ozod etildi va uning o‘rniga Muborak tumani prokurori vazifasida ishlab kelayotgan adliya maslahatchisi Samad Hasanov tayinlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!