“Saxovat”ning saxovatiga davlat to‘siq bo‘ldimi? Yoxud“Saxovat” guruhining faoliyati to‘xtatildi

“Saxovat”ning saxovatiga davlat to‘siq bo‘ldimi? Yoxud“Saxovat” guruhining faoliyati to‘xtatildi

Bundan ikki yil avval Toshkentda “Saxovat” nomli ko‘ngillilar guruhiga norasmiy ravishda asos solingan edi. Bir necha kishidan iborat ma’murlar boshchiligida Telegram ijtimoiy tarmog‘ida “Saxovat” guruhi ochildi va ushbu guruh orqali og‘ir kasallikka chalingan, boshpanasiz qolgan va boquvchisini yo‘qotgan odamlarga yordam berish kabi xayriya ishlari boshlab yuborildi.
O‘tgan bir yil ichida guruh odamlar orasida juda katta obro‘ qozondi. Har hafta miskinlarga ro‘zg‘or ulashdi, betoblarga dori-darmon olishda yordam berdi. Hatto, boshpanasiz qolgan oilalarning bir nechasiga uy qurib berish ishlarini ham boshlab yubordi.
Bu orada Telegram kanalidagi ko‘ngillilar soni 11 ming nafardan oshdi. Guruh ma’murlari biror uyali aloqa kompaniyasidan yangi raqam olar va kim qancha ehson qilishni istasa, Paynet orqali ushbu raqamga pul o‘tkazishini so‘rashar edi. O‘tkazilgan pullar ma’lum miqdorga, aytaylik 50-100 million so‘mga yetganidan keyin raqam egasi nomidan kompaniyaga murojaat qilinar, raqam hisobiga tushgan pullar plastik kartaga o‘tkazilib, xayrli maqsadlarda sarflanar edi.
Bugungacha ushbu guruhga kelib tushgan pullarning hisobi qay tartibda olib borilgan, norasmiy ravishda bo‘lsa ham buxgalteriya ishlari yuritilganmi yoki yo‘q, bunisi bizga qorong‘i. Ammo shunisi ma’lumki, guruhga odamlar orasida ishonch kun sayin o‘sdi. Ularning har hafta sobiq “Bunyodkor” hozirgi “Milliy” stadioni atrofidagi maydonda ro‘zg‘orga qo‘li kaltalik qilayotgan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlarini beminnat tarqatishi odamlar tiliga tushdi. Har hafta 100 ta oilaga ro‘zg‘or qilinardi. Biroq “Saxovat”ning oxirgi saxovati, ya’ni 500 oilaga tarqatgan oziq-ovqat mahsulotlari ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. 
Oradan ko‘p o‘tmay, ushbu guruh faoliyatiga rasmiy tashkilotlar tomonidan nuqta qo‘yildi. To‘g‘rirog‘i, “Saxovat”ga rasmiy maqom olib ishlash, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tish, so‘ng istalganicha saxovat ko‘rsatish taklif etildi. Bir tarafdan davlat odamlarning sadaqa qilishi, zakot ulashishiga ham to‘sqinlik qilyaptimi, degan savollar kelib chiqishi turgan gap. Lekin masalaning mohiyati boshqa nuqtada: “Saxovat” rasmiy maqom olib, barcha ishlarini hujjatlashtirib ishlasa, faoliyati yanada shaffof, yanada ishonchli bo‘ladi. Qolaversa, Ahmadboy bilan bog‘liq holat takrorlanmasligi uchun yagona yechim qonunlarga itoat qilib, davlat ro‘yxatidan o‘tishdir.
Masalaning yana bir jihati borki, jamoat joylarida odamlarni to‘plab, aksiya o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonunlariga ko‘ra amalga oshirilishi, rasmiy tashkilotlar, xususan IIBB, Yong‘in xavfsizligi, Tez tibbiy yordam ogohlantirilgan bo‘lishi kerak. Odamlar gavjum joyda turli ko‘ngilsizliklar chiqishi esa ehtimoldan holi emas. Ustiga ustak ro‘zg‘or bepul tarqatilsa.
Ayni damda “Saxovat” guruhining nomi o‘zgardi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, “Saxovat” davlat tomonidan bildirilgan bir necha takliflarni ko‘rib chiqib, rasmiy maqom olishni ma’qul ko‘rmadi va endi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyevaning “Mehrli qo‘llar” xayriya fondi qoshida o‘z ishini qayta tashkil etmoqda.
Manba: qalampir.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!