Samarqandda jarlik yoqasidagi uyda ikki bolasi bilan yashayotgan ayolga noyabrda uy berilishi va’da qilindi. Biroq qaysi yilda ekanligi aytilmadi

Samarqandda jarlik yoqasidagi uyda ikki bolasi bilan yashayotgan ayolga noyabrda uy berilishi va’da qilindi. Biroq qaysi yilda ekanligi aytilmadi

«Daryo» tahririyatiga Samarqand shahridagi «Maysazor» mahallasida istiqomat qiluvchi Maftuna Yo‘ldosheva murojaat qilib, o‘zi yashab turgan uy bilan bog‘liq muammolarni tilga oldi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, yashab turgan uyi bahor yog‘ingarchiligi sababli nurab bormoqda. Katta ariq yoqasida qurilgan uy ariq bo‘yidagi tuproqning yemirilishi oqibatida qulash arafasida. Maftuna Yo‘ldosheva xavf yoqasida qolgan uyi masalasida turli davlat idoralariga murojaat qilgan, ammo uning muammosiga yechim topilmagan. Ikki nafar farzandni yolg‘iz katta qilayotgan M.Yo‘ldosheva kuzning yog‘ingarchilik va qishning sovuq kunlari yaqinlashgan sari nima qilishini bilmayotganligini bildirib o‘tdi.

«Daryo» muxbiri Farhod Norbo‘tayev mazkur holatni o‘rganish uchun murojaatchining uyiga bordi va vaziyat bilan tanishdi.

— Uyim katta ariqning bo‘yida joylashgan. Farzandlarim hali yosh, bog‘chaga borishadi. O‘zim go‘zallik salonida ishlayman. Topgan-tutganim ro‘zg‘ordan, bolalarning bog‘cha to‘lovidan ortmaydi. Bu yil yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lganligi sababli ariq bo‘yidagi tuproqlar ko‘chishi natijasida uyim qulab tushish arafasida, — deydi Maftuna Yo‘ldosheva. — Ko‘p tashkilotlarga murojaat qildim. Foydasi bo‘lmadi. Arizamni o‘rgangani kelgan xodimlar ham holatni ko‘rib, yordam berishini aytib tilxat yozdirib ketishadi. Keyinchalik bilsam, ular arizamni yopish maqsadida tilxat olib ketgan ekan.

Samarqand shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari ham uyning holatini o‘rganib, bu haqda dalolatnoma taqdim etishgan. Dalolatnomaga ko‘ra, «Maysazor» ko‘chasida joylashgan 47-uy 15-20 metr chuqurlikdagi jarlik yoqasida, 10 metrli xavfli hududda, jarlikdan 1-2 metr oraliq masofada joylashgan. Hozirgi kunda uy-joy avariya holatiga kelib qolgan. Yuqoridagilarni inobatga olib, mazkur manzilda yashovchi Maftuna Yo‘ldosheva va uning 2 nafar farzandini xavfsiz hududga ko‘chirishni tavsiya qilib, mazkur oilani xavfsizligini ta’minlash maqsadida Samarqand shahar hokimligiga tegishli xat yuborilgan.

— Uyim qulab tushmasin, deb har kuni Xudoga iltijo qilib chiqaman. Na yotishimda, na yeyishimda halovat bor. Samarqand shahar hokimligi «Obod maskan» mahallasi hududida «Agromir buildings» MCHJ tomonidan ipoteka krediti asosida qurilayotgan uylardan sotib olishingiz mumkin, deb javob xati yuboribdi, — deydi Maftuna Yo‘ldosheva. — U yerdan uy olishim uchun kunlik topadigan 30-40 ming so‘m pulimni 10 yil hech narsaga sarf-xarajat qilmasdan yig‘ishim kerak. Bu uylarning boshlang‘ich narxi eng arzoni 32 million so‘mdan oshadi. Kam ta’minlangan oila bu yerdan uy olishni orzu ham qilmasa bo‘ladi.

Samarqand viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Gavhar Alimovaning ma’lum qilishicha, Maftuna Yo‘ldosheva Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi «Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtojlar uchun qulay sharoitga ega arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi 285-sonli qaroriga muvofiq uy-joy bilan ta’minlash maqsadida ro‘yxatga olingan. Biroq shaharda uy-joyga muhtoj xotin-qizlar ko‘pligi sababli viloyat hokimligi ro‘yxatiga kiritilgan va ishchi guruhning xulosasiga asosan Maftuna Yo‘ldosheva noyabr oyida uy-joy bilan ta’minlanadi.

Qiziq tomoni shundaki, viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari yuborgan javob xatida Maftuna Yo‘ldoshevaga aynan qaysi yilning noyabr oyida uy berilishiga aniqlik kiritilmagan. Ushbu javob xatidan bilish mumkinki, Maftuna Yo‘ldosheva qaysidir yilning noyabr oyida uyli bo‘lishi kerak. Qaysi yil ekanligi esa noma’lum.

— Men ham ko‘pchilik qatori tinch va xotirjam yashashni istayman. Har kuni bog‘chaga boradigan farzandlarimning holatini ko‘rib ezilib ketaman. Kimdir homiylik qilib yangi uy uchun boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirib bersa, qolgan to‘lovlarini o‘zim to‘layman, — deydi M.Yo‘ldosheva.  — Aynan boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirolmayotganligim uchun bugun tunni kunga ulab bolalarimning xavfsizligini o‘ylab chiqaman. Men qanchalar xavf ostida yashayotganimni ko‘pchilik tasavvur qila olmaydi. Bir bora uyimni kelib ko‘rsa, holatni o‘zlari his qilishadi.

Kam taminlangan oilalar uchun qurilayotgan uylar birinchi navbatda mana shunday muhtoj oilalarga berilishi kerak emasmi? Bugun-erta qulab tushaman deb turgan bu abgor uyda ona va voyaga yetmagan bolalar istiqomat qilayotgani kishida tashvish uyg‘otadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!