Samarqandda bir qizni o‘ldirib, ikki qizga jarohat yetkazgan jinoyatchi «suvdan quruq» chiqdi

Samarqandda bir qizni o‘ldirib, ikki qizga jarohat yetkazgan jinoyatchi «suvdan quruq» chiqdi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida piyodalar yo‘lagidan yo‘lni kesib o‘tayotgan uch qizni Lacetti mashinasida urib ketgan 1999 yilda tug‘ilgan Iskandar Qalandarovning ishi ko‘rib chiqildi va hukm o‘qildi.

7 news.uz ning yozishicha, hodisa 2018 yilning 9 oktyabr kuni soat 21:30 da Samarqand shahar Registon ko‘chasida joylashgan Mo‘’jiza bazmgohi qarshisidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Samarqand tumanida tug‘ilgan Iskandar Qalandarov Lacetti mashinasida piyodalar yo‘lagidan yo‘lni kesib o‘tayotgan uch qizni urib yuborgan.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilib o‘sgan, Samarqand Davlat chet tillar instituti 2-bosqich talabalari 1994 yilda tug‘ilgan Xursandoy Ubaydullayeva, 1996 yilda tug‘ilgan Iroda Ubaydullayeva hamda 1996 yilda tug‘ilgan Ozoda Ubaydullayevalar turli darajadagi tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Jabrlanuvchilar aka-ukalarning qizlari bo‘lgan.

Shifoxonaga og‘ir ahvolda olib kelingan Ozoda o‘sha kuniyoq operasiya qilingan. Operasiyadan so‘ng unga bosh miyaning og‘ir darajada lat yeyishi, bosh miyaning chap chakka-tepa sohalarini subdural gematoma bilan bosilishi va boshqa qator tashxislar qo‘yilgan. Xursandoyning bo‘yin, chanoq, o‘ng boldir suyaklari singan. Irodaga qo‘yilgan tashxis qo‘shma jarohatdan iborat. Qizning o‘ng yelka suyagi va distal oxiridan yopiq parchalanib sinib, siljigan. Bosh miya lat yegan va boshqa bir nechta jarohatlar bo‘lgan.

Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Shirin Normatovaning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan 11 oktyabr kuni Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

12 oktyabr kuni Xursandoy va Iroda hushiga kelgan. Ammo Ozoda Ubaydullayeva 16 oktyabr kuni olgan tan jarohati natijasida shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Mazkur yo‘l transport hodisasi oqibatida odam o‘lmiga sabab bo‘lganligi hisobga olinib, 23 noyabr kuni gumon qilinuvchi Iskandar Qalandarovga Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan ayb e’lon qilinib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi Marat Ergashevning ma’lum qilishicha, 2018 yilning 25 dekabr kuni Iskandar Qalandarovning jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.

Sud jarayonida Iskandar Qalandarov yo‘l harakati qoidalarining 7-bandi talablariga rioya qilmasdan avtomashinani tegishli hujjatlarsiz boshqarganligi aniqlangan. Qolaversa, u avtomashinasini soatiga 80 km tezlikda boshqarib, boshqa avtomashinalar piyodalar yo‘lagi oldida to‘xtashiga qaramasdan, undan oldinda to‘xtagan avtomashinalarni o‘ng tomondan quvib o‘tib piyodalarni urib yuborgan.

Sudda jabrlanuvchilarning dastlabki tergovda bergan ko‘rsatmalari, shuningdek, sudlanuvchi Iskandar Qalandarovning aybi jinoyat ishida mavjud boshqa inkor etib bo‘lmaydigan dalillar bilan to‘liq o‘z isbotini topgan. Sudlanuvchi va uning oila a’zolari jabrlanuvchilarning holidan har kuni xabar olib turgan va ulardan kechirim so‘ragan. Shu sababli jabrlanuvchilar Iskandar Qalandarovga nisbatan da’vosi yo‘qligi, ularga yetkazilgan barcha zararlarni qoplab berilganligini ma’lum qildi. Sud yuqoridagi holatlarni inobatga olib hukm o‘qidi.

Sud hukmiga ko‘ra, Iskandar Qalandarov Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, 2 yil barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi hamda ish haqining 25 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda unga 2 yil 5 oy 6 kun axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!