Samarali servis iqtisodiyotiga ega yangi O‘zbekiston

Samarali servis iqtisodiyotiga ega yangi O‘zbekiston

O‘zLiDeP mamlakat YAIMda xizmat ko‘rsatish sohasi ulushini izchil oshirish evaziga aholi bandligi va oilalarning farovonligini ta’minlash tarafdori.

BMTning jahon mamlakatlari farovonligi darajasini o‘rganuvchi markazi tomonidan tayyorlangan “Baxt indeksi” reytingida O‘zbekiston 156 davlat o‘rtasida 41-o‘rinni (2018 yil 44-o‘rin, 2017 yil 47-o‘rin) egallagan. Ma’lumki, yashash sharoiti yaxshiligi, barqaror daromad, tibbiyot, ta’lim xizmatlaridan foydalanish, o‘zi xohlagan axborotni olish, sayohat qilish va boshqa shu kabi xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lish insonning baxtlilik darajasini belgilaydigan omillar sirasiga kiradi. Bular, o‘z navbatida, xizmat ko‘rsatish sohasi jadal rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq.

Yaqqol dalil: “Baxt indeksi” reytingida birinchi 10 talikka kirgan  davlatlarda, ya’ni Finlyandiya, Daniya, Norvegiya, Islandiya, Niderlandiya, Shveysariya, Shvesiya, Yangi Zelandiya, Kanada, Avstriyada xizmat ko‘rsatish hajmi YAIM tarkibida 55-80 foizga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda esa ushbu ko‘rsatkich 35,6 foizni tashkil qiladi. Agar insonning baxtli bo‘lish darajasi shunga bog‘liq bo‘lsa, aholimizning yanada baxtli yashashi uchun xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish masalasini ustuvor vazifa sifatida qo‘yishimiz mantiqan to‘g‘ridir.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda 2018 yil yakuni bo‘yicha xizmatlar tarkibida transport xizmati 29,3, savdo 26,3, moliya xizmatlari 14,1, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 6,8 foizni tashkil qilib, boshqa yo‘nalishlarga nisbatan ustuvorlik kasb etgan. Yashash va ovqatlanish 3,1, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar 3,3, ta’lim 3,6, shaxsiy xizmatlar 2,5, ijara xizmatlari 2,2, arxitektura sohasidagi xizmatlar 2 foizga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash va boshqa xizmatlarning ulushi ancha past.

Xizmatlar sohasida transport xizmatlari eng yuqori ulushga ega bo‘lsa-da, sifat va narxlar bo‘yicha muammolar ko‘p. Shu bilan birga, ruxsat berish sohasidagi murakkabliklar bu yo‘nalishda norasmiy faoliyat yuritayotganlar sonining oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Savdo sohasida ham shunday muammolar mavjudligi bois xizmat ko‘rsatish sifati yuqori emas. Masalan, mahsulotni sotish san’ati va marketing yondashuvi bo‘yicha ishlarni tashkil qilishga sanoqli tadbirkorlar e’tibor beradi, xolos. Moliya-bank sohasida qayta moliyalash stavkasining yuqoriligi, kredit resurslarining qimmatligi va banklarda resurslar taqchilligini ham aytish lozim. Aloqa va axborotlashtirish yo‘nalishida esa internet tezligi, narxi hamda qamrovi nuqtai nazardan qo‘shni davlatlar bilan solishtirilganda mavjud holat ijobiy emas. Bu kabi muammolarni xizmat ko‘rsatishning boshqa sohalarida ham kuzatish mumkin.

Shuning uchun sohani rivojlantirish, insonlarning baxtli bo‘lishlari va farovon hayot kechirishlari uchun O‘zLiDeP o‘z saylovoldi dasturida 2020 — 2025 yillarda respublikada xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va uni hayotga tatbiq etish masalasini kun tartibiga qo‘ymoqda.

Ushbu dasturilamal hujjatda:

birinchidan, xizmat ko‘rsatish sohasi sub’ektlarini tashkil qilish, faoliyatni yuritish, ayrim turdagi faoliyatlarga ruxsat berish bilan bog‘liq hujjatlarni tanqidiy xatlovdan o‘tkazish orqali soddalashtirish va tadbirkorlar uchun qulay shaklga keltirish;

ikkinchidan, aloqa va axborotlashtirish hamda moliya xizmatlarini kengaytirish orqali raqamli iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish va iqtisodiyotda moliyaviy resurslar hajmini oshirish;

uchinchidan, savdo sohasiga yangicha texnologiyalarni joriy etish orqali ishlar va xizmatlarni “sotish san’ati”ni rivojlantirish;

to‘rtinchidan, iqtisodiyotda xizmat turlarini keskin darajada kengaytirish, yangi mahsulotlarni yaratishni rag‘batlantirish uchun xalqaro tajribalarni o‘rganish va hayotga tatbiq qilishning qulay tizimini yaratish kabi qator dolzarb vazifalar ko‘zda tutiladi.

Bu vazifalarni ro‘yobga chiqarish, avvalo, aholi bandligini ta’minlash va ularning daromadlarini oshirishga, muhimi, xalqimizning baxtli hayot kechirishiga xizmat qiladi.

Umuman, partiyamizning bosh maqsadi mamlakatimizda tadbirkorlikni keng rivojlantirish orqali shu muqaddas zaminda istiqomat qilayotgan har bir insonning baxtiyor hayot kechirishini ta’minlashdan iboratdir. 

Shoira HAYDAROVA,

Qashqadaryo viloyati Iqtisodiyot

va sanoat bosh boshqarmasi

bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!