Sahroga aylanayotgan Qorako‘l

Sahroga aylanayotgan Qorako‘l

Sahroga aylanayotgan Qorako‘l Necha yildirki Buxoroning Qandim massivi aholisi gazni qayta ishlash zavodidan tarqalayotgan yoqimsiz hid bilan nafas oladi. “Zahar” yutayotgan aholi gaz hidini bilsa-da, gazning o‘zidan “bexabar”.

Aholiga deyarli gaz yetkazib berilmaydi. Shu sababli odamlar saksovullarni kesib o‘tin qilishadi, shu tariqa qishda jon saqlaydilar. “Zahar zaqqumini yutamiz-u, o‘zidan naf ko‘rmaymiz”, deydi tuman aholisi.

Qorako‘l tumani aholisi ham buta va saksovullarni yoqib qish o‘tkazmoqda. Ammo, saksovul va butalar birini uzsang orqasidan o‘ntasi o‘sib chiqadigan pechak o‘t emas. Kesilgan daraxtlar o‘rniga yangilari ekilmayapti. Ekilsa-da yer suvsizlanib, sho‘rlanib borayotgani sabab saksovulzorni qayta tiklash imkonsiz. Aslida uni tiklashga birov urinayotgani ham yo‘q. Hokimiyat hozircha bu muammoga e’tibor qaratmayapti. Albatta, bu tuman hokimiyati darajasida hal bo‘ladigan muammo emas, lekin yuqoridagi rahbariyat e’tiborini shu masalaga jalb etish aynan hokimlikning bo‘ynida. Biroq, ko‘chalar, yo‘llar hatto mutasaddilarning ko‘zlarini ham qum bosganday go‘yo. Oqibati jiddiy tus oladigan bu muammoga bugun negadir odamlar ham befarq. Tabiatdagi muvozanatni ushlab turgan daraxtlarni kesib, yoqayotgan odamlarni ham qoralay olmaysiz. Axir yoqilg‘i bo‘lmagach, bechora odamlar nima ham qilsin?

Saksovulsiz qolgan cho‘l qumlari esa tobora shahar markazigacha yetib bormoqda. “Shaharning istalgan ungurida qum uyumlari topiladi. Bu qum oqimlaridan ekinzorlaru paxtazorlar omon qolyapti deysizmi? Aslo, bu bora-bora hosildorlikka zarar yetkazishi, yerlarni suvga bo‘lgan talabini oshirishi muqarrar. Ish shunday davom etaversa, bir kun kelib paxta dalalari-yu, aholi tomorqalarini bu millionlab tonna qum zarralaridan tozalashning mutlaqo imkoni qolmaydi.

Tuman markazlarida ham o‘tin ortgan ulovlarni uchratish mumkin. O‘tinchilarning aytishicha, yaqin 40-50 km. atroflikda o‘tinga yaraydigan saksovullar qolmayapti. “Agar, Qandim gazining arzimas bir qismi shu shaharning o‘ziga berilganida ham bu muammoning oldi olingan, saksovulzorlaru, yulg‘unzorlar qayta tiklanishiga imkon yaratilgan bo‘lar edi. Va oqibatda bir jihatidan hosildorlik saqlanib qolinsa, yana bir yaxshi tomoni toza havo muammosi hal qilinardi. Bir vaqtlar yuzaga kelgan muammoni Amu-Qorako‘l kanalini ishga tushirish bilan hal qilganlaridek, bu muammoga ham biror ijobiy yechim topishlarini tegishli mutasaddilardan butun tumanimiz aholisi nomidan so‘rab qolamiz...

Umid Xolliyev, o‘qituvchi, Qorako‘l tumani
O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!