Rossiya Turk oqimidan umidvor

 Rossiya Turk oqimidan umidvor

Rossiya prezidenti Vladimir Putin payshanba kuni Rossiya Federasiyasi Ukraina orqali Yevropa Ittifoqiga gaz tranzitini davom ettirishga tayyorligini aytdi, biroq Moskva Kiyevni tranzit kelishuvini yangilashga majbur qila olmasligini qo‘shimcha qildi. Amaldagi shartnoma shu yil oxirida tugaydi.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya muqobil tranzit yo‘llari, jumladan «Turk oqimi» quvuridan foydalanishni ham ko‘rib chiqadi.

Yaqinda Kreml, agar Kiyev tranzit kelishuvlarini uzaytirishdan bosh tortsa, yevropalik iste’molchilar narxlar oshishiga duch kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

«Ukrainaga kelsak, g‘alati, biz bu tranzitdan bosh tortmaymiz. Nega? Chunki biz, jumladan, «Gazprom» ham uzoq muddatli shartnomalar tuzgan iste’molchilarimiz oldidagi barcha majburiyatlarimizni bajarish niyatidamiz”, — dedi Putin.

«Joriy yilning 31 dekabrida tugaydigan tranzit shartnomasi bor. Ammo agar Ukraina bu tranzitdan bosh tortsa, biz majburlay olmaymiz», — dedi Putin.

Putinning ta’kidlashicha, «Gazprom»ning Yevropadagi asosiy iste’molchilari Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatayotganiga qaramay, tranzit shartnomasi bekor qilinishini istamaydi.

Avgust oyi oxirida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga agar Kiyev kelishuvni uzaytirmasa, Rossiya muqobil yo‘llarni topishi mumkinligini, masalan, rejalashtirilgan Turkiya gaz xabini aytdi.

«Turkiyada muqobil yo‘nalishlar va markaz yaratish rejalari mavjud. Bu ish davom etmoqda», — dedi Peskov.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!