Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari tergov izolyatoriga jo‘natildi

Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari tergov izolyatoriga jo‘natildi

Moskvaning Basmanniy tuman sudi 24 aprel, chorshanba kuni Rossiya Federasiyasi mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanovni ikki oy muddatga, 24 iyunga qadar tergov izolyatoriga jo‘natdi. Shu tariqa, sud tergov talabini qanoatlantirdi. Ivanovga nisbatan katta miqdorda pora olganlik ayblovi qo‘yilgan (Rossiya Federasiyasi Jinoyat kodeksining 290-moddasi 6-qismi, 15 yilgacha qamoq jazosi).

«Tergovning fikricha, Ivanov uchinchi shaxslar bilan jinoiy til biriktirib, uyushgan guruh tomonidan shartnomalar tuzish va subpudrat jarayonida mulkiy xususiyatga ega xizmatlar ko‘rsatish shaklida o‘ta yirik miqyosda jinoyat sodir etishni maqsad qilgan», deyiladi sudlarning qo‘shma matbuot xizmati xabarida.

Vazir o‘rinbosari bilan birga uning sherigi deb taxmin qilingan Sergey Borodin ham hibsga olingan. U ham ikki oy muddatga tergov izolyatoriga jo‘natilgan.

TASS axborot agentligiga ko‘ra, Ivanov o‘z aybini tan olmagan.

Uzoq vaqtdan beri operativ kuzatuvda bo‘lgan Ivanov 23 aprel kuni qo‘lga olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!