Qur’oni Karimda man qilingan salomlashish

Qur’oni Karimda man qilingan salomlashish

Islomda musulmon kishining tanigan va tanimaganga salom berishi sunnat amallaridan biri hamda musulmonning musulmondagi vojib haqlardan biridir. Zero, salomlashish bilan inson boshqa bir insonga salomatlik tilaydi, uning sababidan ularning o‘rtasida do‘stlik, muhabbat paydo bo‘ladi. Salomlashishning zamirida esa, inson bir inson uchun Alloh taolodan tinchlik-xotirjamlik, nuqsonlardan salomat bo‘lishini so‘rash bor. Ushbu holat dinimizning naqadar sof va tinchlikparvar din ekanligini ko‘rsatadi. Shunday ekan, har bir musulmon salomlashish lafzlarini va odoblarini bilmog‘i darkor. Unga oid hukmlarni bilib amal qilishi lozim.

Xalq orasida shunday salomlashish lafzlari borki, unda o‘zlari bilmagan holda boshqa kishiga salomatlik tilash o‘rniga uning aksini, ya’ni o‘lim tilash holati bo‘lib qoladi.

Alloh taolo Mujodala surasining 8-oyatida man qilingan salomlashish haqida shunday marhamat qiladi:

ﮕ ﮖ ﮗ ﮘ ﮙ ﮚ ﮛ ﮜ ﮝ ﮞ ﮟ ﮠ ﮡ ﮢ ﮣ ﮤﮥ ﮦ ﮧ ﮨﮩ ﮪ ﮫ ﮬ

«Va huzuringga kelsalar, sen ila Alloh sen bilan salomlashmagan tarzda salomlashurlar. Va ichlarida: «Shu gapimiz uchun Alloh bizni azoblamasa edi», – derlar. Ularga jahannam yetarlidir! Unga kirib, kuyurlar! U qanday ham yomon joy!».

Alloh taolo bu oyatda yahudiylarning hiylalarini fosh etib, ularni musulmonlarga nisbatan munosabatlari qanday ekanligini oshkor qilgan.

Yahudiylarning Payg‘ambar alayhissalomning huzurlariga kelganlarida u zot bilan Alloh o‘rgatmagan tarzda so‘rashishlari qandoq bo‘lganini quyidagi rivoyatlardan bilib olishimiz mumkin bo‘ladi.

Muhaddislardan Ibni Abi Hotim Oisha roziyallohu anho onamizdan bunday rivoyat qiladilar:

«Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga yahudiylar kirib kelib:

«as-Somu alayka ey Abul Qosim!» (ya’ni, senga o‘lim bo‘lsin ey Abul Qosim), dedilar. Oisha onamiz ularga:

«Va alaykum as-Somu», (sizlarga ham o‘lim bo‘lsin) dedilar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom:

«Hoy Oisha! Alloh taolo fahsh so‘zlarni xush ko‘rmaydi», dedilar. Oisha onamiz:

«Ularning «as-Somu alayka» (senga o‘lim bo‘lsin) deganini eshitmadingizmi?» deb so‘raganlarida, Rasululloh sallalohu alayhi vasallam bunday javob qildilar:

«Mening «va alaykum» (sizlarga ham), deganimni eshitmadingmi?»

Yahudiylar har bir narsada hiyla ishlatib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlarga yomonlik qilishning payida bo‘lardilar. Hattoki ular salomlashish paytida ham «As-Salomu alaykum» (sizga tinchlik bo‘lsin)» deyish o‘rniga tillarini burib, «As-Somu alaykum (sizga o‘lim bo‘lsin)» deb sezilmaydigan qilib aytishardi.

Anas ibni Molikdan rivoyat qilinadi: 

“Kunlarning birida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ashoblari bilan o‘tirgan edilar. Yahudiylardan biri kelib ularga salom berdi. Uning salomiga javob berishdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ashoblariga: “U nima deganini bildilaringizmi?” dedilar. Ular: “Salom berdi yo Rosululloh” dedilar. U sizlarga: “Samu alaykum” dedi”, dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ashoblariga “unga javob beringlar” dedilar va ular javob berishdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yahudiyga: “Sen “samu alaykum” demadingmi?” dedilar.  U:  “Ha” deb javob qildi. Payg‘ambarimiz alayhissalom ashoblariga: “Agar sizlarga ahli kitoblardan biri salom bersa, ularga “senga ham” ya’ni “aytgan narsang o‘zinga ham bo‘lsin” deb aytinglar” dedilar.

Ular o‘z qilmishlarining noto‘g‘ri ekanini yaxshi bilishardi. Shuning uchun ham ichlarida «shu gapimiz uchun Alloh bizni azoblamasa edi», deb qo‘yar edilar.

Oyat so‘ngida Alloh taolo yahudiylar dilidan qanday so‘zni o‘tkazishgan bo‘lsa, shu holda yana o‘zlariga eshittirish uchun nozil qildi:

«...Va ichlarida, shu gapimiz uchun Alloh bizni azoblamasa edi, derlar».

Yahudiylarning bu qilmishlari, albatta o‘z bahosini topadi.

«Ularga jahannam kifoyadir, unga kirurlar. U qandoq ham yomon joy!»  

Demak, islom dinidagi salom lafzi “siyn”, “lom” va “mim” harflaridan tashkil topib, natijada “salima, salomatun” so‘zi tuzilib “sog‘-salomat bo‘lmoq, nuqsonlardan omonda bo‘lmoq hamda tinchlik-xotirjamlik” degan ma’noni beradi. Agar ushbu kalimadagi “lom” harfi tushib qolsa “samun” ya’ni “o‘lim” degan ma’noni beradi. Bu salomlashish turi esa shari’ati islomiyada man qilingandir. Chunki salomlashishning ushbu ko‘rinishi insonga salomatlik tilash emas, balki o‘lim tilashdir.

Taassufkim, yurtimizning ba’zi joylarida ham yahudiylarning ushbu so‘rashishiga o‘xshash salomlashish bor. Misol uchun: “Somaykum” lafzi bilan so‘rashish. Ammo, ularning salomi bilan yahudiylar so‘rashishining farqi shundaki, yahudiylardek yomon maqsadni niyat qilmasligidadir.

Bu, niyati yahudiylarning niyati kabi bo‘lmasa ushbu salom lafzini ishlataversinlar, degani emas. Balki, buni bilganlaridan keyin, salomlashish lafzini to‘g‘rilab, Qur’on va sunnatga mos ravishda salomlashishsinlar demoqchimiz.

Shuning bilan bir qatorda yurtimizda turli xil shevalarda salomlashishni ham kuzatishimiz mumkin. Misol uchun: “as-Salom”, “salom” va “salomalaykum” kabi salom lafzlari bor. Bularning barchasi ma’nosi to‘liq bo‘lmagan, lafzi hadisda aytilganidek bo‘lmaganligi uchun biz ularni hadisdagidek “as-salomu alaykum” yoki “as-salomu alaykum va rohmatulloh” yoki “as-salomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh” deb salom berishlarini istardik. Bu odobni nafaqat diniy mutaxassis olimlar, balki maktabgacha bo‘lgan tarbiya maskanlarida, o‘rta maktablarida axloq va odob darslarida ta’lim berilishi, xususan har bir ota-ona o‘z farzandlariga o‘rgatib borishlari zarur.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!