Qosim Sulaymoniy kim edi va uning o‘limi nima uchun bunchalar shov-shuv bo‘ldi?

Qosim Sulaymoniy kim edi va uning o‘limi nima uchun bunchalar shov-shuv bo‘ldi?

Xabaringiz bor, 3 yanvar kuni AQSh harbiylari Eronning nufuzli generali Qosim Sulaymoniyni aviazarbalar natijasida o‘ldirdi. Ushbu voqeaga jahon bozorlari jiddiy reaksiya bildirdi: AQSh va Yevropa fond bozorlari narxi pastladi, neft va oltinning narxi oshdi.

Eronda Sulaymoniy o‘limi tufayli 3 kunlik motam e’lon qilindi.

Xo‘sh, shuncha voqealarga sababchi bo‘lgan Qosim Sulaymoniy kim va uning o‘limi nimaga buncha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi?

"Bu Eron uchun AQSh shtab boshliqlari raisi yoki Markaziy Razvedka Boshqarmasi (MRB) boshlig‘ini o‘ldirishdek gap", - deydi Koven Vashington tadqiqotlar guruhi a’zosi Roman Shveyzer.

Sulaymoniy "Quds" maxsus bo‘linmasidagi 20 yillik faoliyatida, asosan, kadr ortida harakat qilgan. Biroq so‘nggi yillarda u Eronning Yaqin Sharqdagi ta’sir doirasi va harakatlarining yuzi bo‘lib kelgan. Iroqdan to Livanga qadar, Suriyadan tortib Yamandagi urushlargacha Sulaymoniy nomi tilga olinadi.

Yaqin Sharq bo‘yicha bir qator mutaxassislar uni Eronda mamlakat oliy diniy yetakchisi Ali Xomanaiydan keyingi ikkinchi raqamli shaxs deb hisoblashadi. AQSh 2003 yilda Iroqdagi operasiyalardan beri uni ta’qib etib keladi.

Sulaymoniy rahbarlik qilgan "Quds" maxsus bo‘linmasi Eron ta’siridagi mintaqaning qator proksi guruhlarini g‘oyaviy, harbiy jihatdan boshqaradi. Yamandagi shunday guruhlar 2019 yilning 14 sentyabrida Saudiya neft korxonalariga qilgan dronlar hujumi natijasida jahon bozorida neft narxi 10 dollarga oshgan edi.

"U qilgan ishlarga boqing: Suriyaga qarang, Iroqqa qarang. Hammasida Eron manfaatlari qurilgan va ular hozirda ham saqlanib qolgan. U barmog‘i doimo granata halqasida bo‘lgan odam edi", - deydi Vashington Universitetining shialar bo‘yicha mutaxassisi Filipp Smit CNBC kanaliga bergan intervyusida.

1979 yilgi Erondagi Islom inqilobida ham Sulaymoniy inqilobchilar tarafida kurashgan. U 40 yildan buyon Tehrondan Bayrutga qadar Yaqin Sharqdagi shialar ta’sirini kengaytirishda asosiy figurant bo‘lgan.

Sulaymoniyning o‘rniga uning o‘rinbosari, brigada generali Ismoil G‘ani tayinlangan. General G‘ani aksilisroil qarashlari bilan tanilgan. Xomanaiy Inqilob muhofizlari korpusi o‘z yo‘lidan qaytmasligini ma’lum qildi.

AQSh milliy xavfsizlik idoralarining ayrim sobiq va joriy xodimlarining aytishicha, generalni o‘ldirish uchun ilgari ham bir qator imkoniyatlar bo‘lgan. Biroq avvalgi rahbariyat xalqaro janjal kelib chiqmasligi uchun bunga ro‘yxushlik bermagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!