Qonunchilik tizimlashtirilsa nimalar o‘zgaradi?

Qonunchilik tizimlashtirilsa nimalar o‘zgaradi?

Barcha sohalarda qonunchilikni tizimlashtirish, qabul qilinganiga ko‘p vaqt bo‘lgan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish va ularni bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarga uyg‘unlashtirish Adliya vazirligining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq qonunchilikdagi tizimli o‘zgarishlar bilan bog‘liq jadal rivojlanish normativ-huquqiy hujjatlar soni ortishiga olib keldi.

Bu borada raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2020 yil sentyabr holatiga ko‘ra 26 632 ta normativ-huquqiy hujjat Lex.uz joylashtirilgan. Ularning 1 897 tasi qonun hujjatlari (qonunlar, Oliy Majlis palatalarining qarorlari), 24 735 tasi qonunosti hujjatlari (Prezident Farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining buyruqlari va qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari) hisoblanadi.

Qonunchilik bazasining 90 foizidan ortiqrog‘ini qonunosti hujjatlari tashkil etadi.

Yangi qabul qilingan Farmoniga muvofiq Prezident tomonidan qabul qilingan hujjatlarning 498 tasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilib, 121 tasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Birinchi bosqichda Prezidentning 500 ga yaqin farmon va qarorlari bekor qilindi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar davom etadi.

Jumladan, xatlov natijasida aniqlangan Hukumatning 2 mingdan ortiq eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan qarorlari tanqidiy tahlil qilinib, ularni bekor qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini tizimlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

Bir tashkilot faoliyati 10 ta qonunosti hujjati bilan tartibga solinishi qanchalik to‘g‘ri?

Ushbu masalaning dolzarbligini aniq bir misol bilan ko‘rib chiqish mumkin. Hozirgi kunda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyati 10 ta qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi. 10 ta turli xil qonun hujjatlari o‘rniga barcha asosiy masalalarni: tegishli davlat organi faoliyatining vakolatlari, huquqlari, majburiyatlari va boshqa jihatlarini qamrab olgan bir hujjatni tushunish va unga amal qilish osonroq kechadi.

Umumiy hisobda, 2,5 ming qonun hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

Natijada, amaldagi qonunchilik bazasi 10 foizga qisqartiriladi.

Bu kabi qonunchilikni tizimlashtirish bilan bog‘liq amaliyot xorijiy tajribada keng qo‘llaniladi.

Dunyo nima deydi?

Jumladan, ilk bor to‘qsoninchi yillarda Shvesiyada tadbirkorlik va investisiyaning jalb qilinishiga to‘sqinlik qiluvchi normalarni bekor qilingan.

Bundan tashqari, Italiya, Meksika, Janubiy Koreya, Vengriya, Xorvatiya, Rossiya, Moldova va boshqa davlatlarda o‘tkazilgan yalpi hatlov natijalari bo‘yicha aniqlangan ishlamaydigan, maqsadga muvofiq bo‘lmagan hamda qonunchilikka zid bo‘lgan qoidalar bekor qilingan.

Avstraliyada har bir normativ-huquqiy hujjatni har 10 yilda qayta ko‘rib chiqish amaliyoti maxsus Qonun bilan joriy etilgan. Har bir qonun hujjatining egasi bor. Tegishli hujjat yuzasidan mas’ul etib belgilangan davlat organi ushbu hujjat qabul qilinganidan 10 yil o‘tgandan so‘ng unga ehtiyoj mavjudligini isbotlab berishi lozim. Aks holda hujjat avtomatik ravishda o‘z kuchini yo‘qotadi.

Amaldagi qonun hujjatlarini tizimlashtirish bilan bir qatorda norma ijodkorligi, ya’ni normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonlari ham takomillashtirilmoqda.

Tartibga solish ta’sirini baholash yo‘nalishida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanish ko‘lami kengaytirilmoqda.

Endilikda:

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash loyihani ishlab chiqqan idora va tashkilotlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)dan foydalangan holda amalga oshiriladi;

amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning tartibga solish ta’sirini baholash huquqiy monitoring bo‘yicha elektron maydonchadan foydalangan holda amalga oshiriladi;

mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining tartibga solish ta’sirini baholash “E-Qaror” yagona elektron tizimdan foydalangan holda amalga oshiriladi.

muammo tahlili, uni hal etish yo‘llari, raqobatga ta’sirini baholash, yangi tartibga solish vositalarini joriy etishning ehtimoliy oqibatlarini prognozlash va baholash, shu jumladan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun foyda va xarajatlarni tahlil qilish nazarda tutuvchi tartibga solish ta’sirini baholash bo‘yicha tahliliy materiallar normativ-huquqiy hujjat loyihasining jamoatchilik muhokamasi, idoralararo kelishuv va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish bosqichlarida loyihaga ilova qilinadi;

Adliya vazirligi har yili mamlakatda tartibga solish ta’sirini baholash tizimining holati to‘g‘risida axborot tayyorlab, uni ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Lex.uz, Regulation.gov.uz, Project.gov.uz, “ochiq platforma”

Qabul qilingan qonunchilik hujjatlari sifatiga, shak-shubhasiz, ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan norma ijodkorligi jarayonining ochiqligi, ommabopligi va shaffofligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, Oliy Majlis palatalarining barcha amaldagi qarorlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga kiritilishi lozim.

Kerakli hujjatlarni qidirish jarayonini osonlashtirish uchun Adliya vazirligiga Vazirlar Mahkamasining 2009 yildagi qaroriga muvofiq yaratilgan hamda 2017 yilda normativ-huquqiy hujjatlarni nashr etish uchun rasmiy manba maqomi berilgan O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasini takomillashtirish vazifasi yuklatildi. Normativ-huquqiy hujjatlar va operativ, tashkiliy va boshqa xarakterdagi hujjatlarni, shuningdek, o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi aktlarni alohida joylashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Shubhasiz, zamonaviy texnologiyalar hayotni ancha soddalashtiribgina qolmay, balki osonlashtiradi ham. Bu norma ijodkorligi jarayoniga ham tegishli. Axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish natijasida pandemiya bilan bog‘liq karantin choralarini kuchaytirish paytida ham norma ijodkorligi bo‘yicha ishlarni uzluksiz tashkil etishga muvaffaq bo‘lindi. Masalan, 2020 yil 1 yanvardan boshlab Internetning butunjahon axborot tarmog‘ida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha yagona elektron tizim (www.project.gov.uz) to‘liq rejimda ish boshladi.

Shuni bilan birga, davlatimiz rahbarining Farmonida norma ijodkorligi jarayonini kelgusida avtomatlashtirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilandi. Natijada normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida (www.regulation.gov.uz) tartibga soluvchi yukni kamaytirish, guruhlarda ishlash texnologiyalarini ishlab chiqish va o‘zaro ta’sirli mexanizmlarni yaratish maqsadida “ochiq platforma” (open platform) joriy etilmoqda.

Davlat idoralari va tashkilotlari bilan mazkur mavzuga bag‘ishlangan onlayn uchrashuvlar va munozaralarni boshlash, qonunchilik hujjatlarining huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sirini baholash sohasida “kraudorsing” imkoniyatlaridan foydalanish, onlayn-so‘rovlar o‘tkazish va boshqa tashabbuslar farmonda belgilandi.

Qabul qilingan chora-tadbirlar mamlakatning ishbilarmonlik muhitini, investisiyaviy jozibadorligini yaxshilashga yordam beradi hamda qonunchilik bazasini soddalashtirish uchun ishbilarmon doiralar va keng jamoatchilik vakillari bilan samarali va ochiq muloqotni tashkil etishga imkon yaratadi.

Sardor NUSRATOV,
Adliya vazirligining Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi katta maslahatchi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!