Qiyomatda hayvonlar ham savol-javob qilinadimi?

Qiyomatda hayvonlar ham savol-javob qilinadimi?

— Qiyomat kuni hayvonlarning holi nima bo‘ladi? Ular ham savol-javob qilinadimi?

— Hadislarda kelishicha, qiyomat kuni hammaning hisob-kitobi bo‘lar ekan. Bu dunyoda zulm o‘tkazgan hayvonlardan mazlum hayvonlarga o‘ch olib berilganidan so‘ng, ularning barchasi tuproqqa aylantirilar ekan. Buni ko‘rib, do‘zax azobidan xoru zor bo‘lib turgan do‘zaxiylar “Koshki edi, hayvonlarga o‘xshab, tuproq bo‘lib ketsam”, deb orzu qilar ekanlar. Lekin bu orzu hech qachon ushalmaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, qiyomat kuni haqlarni o‘z ahliga ado qilursiz. Hattoki, shoxli qo‘ydan shoxsiz qo‘yga o‘ch olib beriladi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).

Sharh: Bu dunyoda ba’zi bir yomonlar o‘z yomonligining ba’zisining jazosidan qutulib qolishi mumkin. Ammo qiyomat kuni hech bir haq zoye bo‘lmaydi. Har bir narsa o‘z o‘rnini topishi muqarrar. Bunda faqat odamlar orasidagi haq-huquqlargina emas, balki barcha maxluqotlar orasidagi haq-huquqlar ham o‘z egasini topadilar. Hattoki, bu dunyoda o‘zining shoxi borligidan foydalanib, shoxsiz qo‘yni suzgan qo‘ydan ham o‘ch olinadi. Bas, shunday ekan, odam bolalari ham o‘zlarining “shox”larini ishga solib, o‘zgalarning haqqini poymol qilishga urina ko‘rmasinlar (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

Muhammad Ayyub HOMIDOV


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!