Qashqadaryo viloyatining yangi bosh soliqchisi tayinlandi. Sobiq boshliq may oyida qo‘lga olingan

Qashqadaryo viloyatining yangi bosh soliqchisi tayinlandi. Sobiq boshliq may oyida qo‘lga olingan

Qudratali Yigitaliyevich Mamatisayev Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchisi etib tayinlandi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi «Kun.uz»ga ma’lum qildi.

«O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan sohani tubdan isloh qilish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishga yo‘naltirilgan amaliy chora-tadbirlar barcha yo‘nalishlarda faollik bilan davom etirilmoqda. Xususan, islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri – tizimni salohiyatli kadrlar bilan mustahkamlash bo‘lib, bu yo‘lda qo‘mitaning hududiy tuzilmalari rahbarlik lavozimlariga sohaning yetuk va malakali mutaxassislari tayinlanmoqda», deyiladi Davlat soliq qo‘mitasi xabarida.

Qudratali Mamatisayev 1973 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1995 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan.

Soliq tizimidagi faoliyatini 1995 yilda Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasida soliq inspektori lavozimidan boshlab, 1997 yilgacha u ushbu inspeksiyada turli lavozimlarda ishlagan. 1997-2009 yillar davomida Davlat soliq qo‘mitasida mas’ul lavozimlarda faoliyatini davom ettirgan. 2009-2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida faoliyat yuritgan. 2014-2016 yillarda Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 2016-2018 yillar mobaynida Davlat soliq qo‘mitasida boshqarma boshlig‘i lavozimida mehnat qilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan keyin Qashqadaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sobir Rahmonqulov o‘z vazifasidan ozod etilgan, uning o‘rniga Davlat soliq qo‘mitasi sobiq raisi Botir Parpiyevning birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Abdusalom Yo‘ldoshev yangi rahbar etib tayinlangandi.

Shu yilning mayida Abdusalom Yo‘ldoshev Farg‘ona vodiysida qo‘lga olinib, Toshkentga keltirilgani haqida ma’lum bo‘ldi.

U aynan qaysi jinoiy ish doirasida qo‘lga olingani hozirgacha ma’lum emas.

Abdusalom Yo‘ldoshev o‘z mehnat faoliyatining turli yillarida Andijon viloyati va Toshkent shahrida davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan. 2012 yilning fevralidan Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

Yo‘ldoshev qo‘lga olinganidan bir kun o‘tib, 29 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida Davlat soliq qo‘mitasi sobiq rahbari, 11 may kuni lavozimidan ozod qilingan Botir Parpiyev va u yetakchilik qilgan tizimdagi ahvol haqida gapirgan edi.

 

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!