Qashqadaryo viloyat SEOM xodimlarining 4 nafarida koronavirus aniqlandi

Qashqadaryo viloyat SEOM xodimlarining 4 nafarida koronavirus aniqlandi

Qashqadaryo viloyat Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlarining to‘rt nafarida koronavirus chiqdi. Bu haqda «Daryo» viloyat SEOM axborot xizmati rahbari Bahriddin Esonov ma’lum qildi.

«Markazning besh yuzga yaqin xodimi xavfli virusning tahlili, dezinfeksiya ishlariga jalb qilingan. Bu jarayonda ongli ravishda ishtirok etib, xavfli virusni yuqtirib olish holatlari ham kuzatilmoqda. Xususan, 2020 yil 8 iyul kuni o‘tkazilgan tekshiruvlarda markazning to‘rt nafar xodimida test sinovlari musbat natijani ko‘rsatdi. Shu boisdan 9—10 iyul kunlari markaz dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazish uchun vaqtincha yopildi. Laboratoriyada ishlovchi xodimlar uy karantiniga olingan», — deydi Bahriddin Esonov.

Ta’kidlanishicha, viloyat SEOM bir kunda 700 taga qadar bemor yoki gumonlanuvchidan test sinovlarini olib, tashxis qo‘yish imkoniyatiga ega. Viloyat aholisi esa 3 million 300 ming kishidan ortgan.

Viloyat SEOM mas’ulining tan olishicha, markazga test topshirish niyatida murojaat qiluvchilar kuniga to‘rt-besh mingtaga yetayotgani bois, markaz binosi oldida navbatlar yuzaga kelmoqda.

Avvalroq Adliya vaziri maslahatchisi koronavirusga oilaviy chalingani va COVID-19’ga test topshira olmayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Madina Baratova koronavirusga topshirgan testi javobini ololmayotgani oshkor qildi. Jurnalist Barno Sultonova esa Toshkent shahridagi Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazlaridagi koronavirusga test topshirish bilan bog‘liq vaziyatni tanqid qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!