Qarindoshlar o‘rtasidagi nizo sudda adolatli yechim topdi

Urganchlik Yoqubboy Xo‘janiyozov (ism-shariflar o‘zgartirildi) yoshi bir joyga borganida, turmush o‘rtog‘i Norgul Xo‘janiyozova bilan o‘rtalaridagi qariyb 53 yillik nikohni bekor qilish, shuningdek, xotini, qizi Dilorom Xo‘janiyozova, nevarasi Dilnura Qobilova, chevarasi Oygul Mahmudovani uydan chiqarib yuborish payiga tushib qoldi.
Bunga xotini N. Xo‘janiyozova 2018 yil Rossiya Federasiyasidagi qarindoshlarinikiga ketib, 2024 yilning mart oyigacha qaytib kelmagani sabab bo‘ldi. U uy meros huquqi bo‘yicha o‘ziga qarashli ekani, unda o‘zga shaxslarning mulkiy ulushi mavjud emasligini qayd etib, sudga murojaat qildi.
Dastlabki bosqich sudi uning da’vo talabini qanoatlantirdi. Ammo qarshi tarafning vajlari e’tibordan chetda qoldi. Natijada ular uydan foydalanish huquqini yo‘qotishdi.
Odatda, bunday vaziyatda yuqori turuvchi sud mahkamasiga murojaat qilinadi. Shunday bo‘ldi: ona va qizlari hamda nabira D. Qobilova (chevara O. Mahmudova hali yosh — 2022 yili tug‘ilgan) ham shunday yo‘l tutishdi. Dastlabki bosqich sudining 2024 yil 28 maydagi hal qiluv qarori ustidan appelyasiya tartibida Xorazm viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga murojaat qilishdi.
Sudlov jarayoniga qonun talabini to‘liq tatbiq etishga qaratilgan sa’y-harakatlar hamisha masalaning adolatli va odilona yechimiga yetaklaydi.
Bu holat Fuqarolik-prosessual kodeksining 15-moddasida batafsil ifodasini topgan va unga ko‘ra, sud taqdim etilgan materiallar va tushuntirishlar bilan cheklanmasdan, ishning haqiqiy holatlarini, taraflarning huquq va majburiyatlarini har taraflama, to‘liq va xolisona aniqlash uchun qonunga muvofiq choralar ko‘rishga haqli.
Appelyasiya hay’ati javobgar tarafning shikoyat arizasini muhokama qilar ekan, prosessual sudlovning ana shu qoidasini e’tibor markaziga qo‘ydi.
Urganch shahar, Binokor mahallasidagi nizoli uy, chindan ham, 2000 yil 11 oktyabrda notarial tarzda tasdiqlangan hadya shartnomasiga muvofiq da’vogar YO. Xo‘janiyozovga tegishli ekanini e’tirof etdi. Uy uning nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani ham oydinlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, taraflar ushbu turar joyda oila bo‘lib yashab kelishgan.
Da’vogarning turmush o‘rtog‘i N. Xo‘janiyozova 2018 yil 10 avgustda Rossiya Federasiyasining Qrim Respublikasida yashovchi o‘g‘lining uyiga ketgani haqidagi ma’lumot ham o‘z tasdig‘ini topdi. Da’vogar xotini qo‘shni davlatga jo‘nab ketgach, nizoli turar joyda qizi Dilorom Qobilova bilan birga qolgan. N. Xo‘jayozova uzoq yurtga ketish oldidan o‘ziga tegishli pensiya pullarini oyma-oy olish vakolatini eriga bergan. Shu yuzasidan uch yil muddatga notarial tartibda ishonchnoma rasmiylashtirilgan.
YO. Xo‘janiyozov, haqiqatan ham, mazkur hujjat yordamida xotiniga tegishli nafaqa pullarni muntazam ravishda olib, uy-ro‘zg‘or ehtiyojlariga sarflab kelgan. Turmush o‘rtog‘i N. Xo‘janiyozova esa, Qrim hududidagi notinchlik bois o‘z vaqtida uyiga qaytib kelolmagan. Ammo YO. Xo‘janiyozov buni oilani buzishga qaratilgan nojo‘ya harakatga yo‘ygan, qarshi tarafning munosabatini kutmayoq oradagi nikohni bekor qilish uchun sudga murojaat qilgan. Shu o‘rinda YO. Xo‘janiyozov xonadonidagi oilaviy mojarolar sudning dastlabki bosqichida muhokama etilganini alohida eslatish zarur.
Mazkur bosqich sudining 2023 yil 14 noyabrdagi hal qiluv qaroriga binoan, da’vo asosli, deb topilgan. Oradagi nikoh bekor qilingan. YO. Xo‘janiyozov o‘tgan yil bahor chog‘i dastlabki bosqich sudiga yana murojaat qilib, yuqorida ism-shariflari keltirilgan fuqarolarning o‘ziga qarashli meros uydan foydalanish huquqini yo‘qotgan, deb topishni so‘radi. Mazkur sudning, yuqorida qayd etilganidek, hal qiluv qarori ana shu murojaat asosida qabul qilindi. Biroq shu orada nizolashuvchi taraflarning hayotiga daxldor boshqa bir muhim voqea ham yuz berdi.
Xorazm viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha kassasiya hay’atining 2024 yil 25 iyuldagi ajrimiga muvofiq, dastlabki bosqich sudining er-xotin o‘rtasidagi nikohni tugatish yuzasidan 2023 yil 14 noyabrdagi hal qiluv qarori bekor qilindi. Nikoh o‘z kuchida qoldi.
N. Xo‘janiyozova 2024 yilning mart oyida Xorazmga qaytib keladi. Biroq bu xonadonning eshiklari endi uning uchun yopiq edi. Ammo shunday bo‘lsa-da, u qariyb yarim asrlik umrini bag‘ishlagan uyni tark etmadi. Shu yerda qoldi. Ammo bu uzoqa cho‘zilmadi, adog‘i ko‘rinmaydigan g‘alva, mojarolar bois 2024 yil 20 aprelida eriga qarashli uyni tark etdi va bungacha ota uyidan qo‘l siltab chiqib ketgan qizi D. Xo‘janiyozovaning xonadonidan boshpana topdi. Ammo u qo‘l qovushtirib, qarab turmadi.
Bekor etilgan nikohni qayta tiklash yuzasidan yuqori bosqich sudiga kassasiya tartibida ariza bilan murojaat qildi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, kassasiya hay’atining nikohni o‘z kuchida qoldirshga oid ajrimi ushbu murojaat asosida qabul qilindi.
Uyda yolg‘iz qolgan YO. Xo‘janiyozov ham vaqtni bekor o‘tkazmadi. U shu paytgacha uning xonadonida yashab kelgan to‘rt nafar fuqaroni bu yerdan rasman chiqarib yuborish masalasini ilgari surdi.
Insonni uy-joydan mahrum etish ancha og‘ir va murakkab jarayon. Bu yetti o‘ylab bir kesishni, adolat, odillik, qonun me’yorlariga qat’iy rioya etishni taqozo qiladi. Kassasiya hay’ati qonuniylik va insoniylikning ushbu talabini ham nazarda tutdi. Uy-joy kodeksining ayni shu masalaga doir 52-moddasiga e’tibor qaratdi. Unda qayd etilishicha, munisipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joyni ijaraga oluvchi, uning oila a’zolari yoki ijaraga oluvchi bilan doimiy yashayotgan fuqarolar vaqtincha bo‘lmaganida turar joy olti oy muddat davomida ularning hisobida saqlanib turadi.
Tabiiyki, ushbu qoida YO. Xo‘janiyozovning xonadonidagi holatga nisbatan ham tadbiq qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, bahsli uyda da’vogarning turmush o‘rtog‘i Norgul Xo‘janiyozova 2024 yilning mart va aprel oylarida, qizi Dilorom Xo‘janiyozova o‘sha yilning mart oyigacha muqim yashagan, Dilnura Qobilova va Oygul Mahmudova esa, bu uyda doimiy yashamagan.
Oliy sud Plenumining 2001 yil 14 sentyabrdagi “Uy-joy nizolari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 18-bandida ta’kidlanganidek, shaxsning belgilangan muddatdan ortiq davr mobaynida uyda bo‘lmasligi oqibatida turar-joydan foydalanish huquqi, manfaatdor shaxslarning da’vosi bo‘yicha, sud tomonidan shaxs turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan, deb topilishi mumkin. Agar sud shaxsning belgilangan muddatdan ortiq davrda yashamasligini uzrli sabablar oqibatida yuzaga kelgan deb hisoblasa, da’voni qanoatlantirmasdan rad etishi mumkin.
Kassasiya sudida masalani adolatli va qonuniy asoslarda hal etishning ayni shu omili dastlabki bosqich sudi e’tiboridan chetda qolgani aniqlandi. Sudlov hay’ati yo‘l qo‘yilgan xatoni bartaraf etdi: Urganch tumanlararo sudining 2024 yil 28 maydagi hal qiluv qarori qisman bekor qilindi. Yangidan chiqarilgan ajrimga muvofiq, da’vogar YO. Xo‘janiyozovning javobgar N. Xo‘janiyozova va D. Xo‘janiyozovaning turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish haqidagi talabi rad qilindi. Muqaddam chiqarilgan hal qiluv qarorining D. Qobilova va O. Mahmudovaga oid qismi o‘zgarishsiz qoldirildi.
Hukmingizga havola qilingan holatdan kim haq-u, kim nohaq ekanligini anglash qiyin emas. Xalqimiz qon-qarindoshlikni ming yillikka mengzaydi. Xo‘janiyozovlar oilasi a’zolari insoniylikning ushbu mo‘’tabar talabini bajo keltirishdan ojiz qolishdi. Natijada o‘z xatti-harakatlarining ajrini tortishdi. Oradan mehr qochar ekan, uning oqibati ro‘shnolikka yetaklamaydi. Inson mehr-oqibat va uning amaldagi ifodasi bilan ulug‘ va mo‘’tabardir. E’tiboringizga havola qilingan holatlar uning aksini namoyon etdi. Bu singari voqealar ko‘pchilikka saboq bo‘lmog‘i darkor. Uning tafsilotini shu vajdan ham hukmingizga havola etdik. Zero, inson — ezgulik va mehr-oqibat uchun yaralgan mo‘’tabar xilqat. Buni inkor etish va aks amallarning oqibati yuqoridagi yanglig‘ mojaro va ovoragarchiliklarga sabab bo‘lishini unutmaslik darkor.