Zelenskiy Tramp vakilining so‘zlarini Ukraina uchun xavfli deb atadi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffning Ukrainaning bosib olingan hududlarida o‘tkazilayotgan "referendumlar" haqidagi bayonotlariga izoh berib, ular Kreml xabarlariga to‘g‘ri kelishini aytdi.
Bu haqda Zelenskiy jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
"Afsuski, ba’zi odamlar, jumladan janob Uitkoff tarqatayotgan xabarlar rasmiy Kreml xabarlariga juda mos keladi", deb ta’kidladi u.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, "referendum o‘tkazish uchun haqiqiy qonunchilik asoslari yo‘q edi" va "ovoz berish"ning o‘zi Rossiya qurolli kuchlarining bosimi va nazorati ostida o‘tdi.
Ukraina prezidenti xalqaro hamjamiyat bu "referendumlar" natijalarini tan olmasligini ta’kidladi.
"Hamma Amerika Qo‘shma Shtatlari Trampga kerakli natijani keltirmoqchi ekanini tushunadi, biroq bu tufayli Rossiyaga ishonch pasaymoqda", — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Stiv Uitkoff amerikalik jurnalistga bergan intervyusida mojarodagi “asosiy muammo” Donbass va Qrim hududlari ekanligini, bu yerda go‘yoki “referendumlar o‘tkazilgan” va aholining ko‘pchiligi Rossiyaga qo‘shilish uchun ovoz berganini aytgan edi.
Shundan so‘ng, Oliy Radaning tashqi siyosat bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Aleksandr Merejko Donald Trampdan Uitkoffni o‘z lavozimidan chaqirib olishni talab qildi. Ayni paytda AQSh vise-prezidenti Jey Vens maxsus vakilni qo‘llab-quvvatladi.