Shols va uning kabineti ishdan bo‘shadi

Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer yangi Bundestag ishining boshlanishi munosabati bilan kansler Olaf Shols va uning hukumat a’zolarini rasman ishdan bo‘shatdi.
Tantanali marosim Belvyu qasrida bo‘lib o‘tdi, unda Shtaynmayer Shols va uning kabinetining 14 nafar vaziriga ishdan bo‘shatilganlik haqidagi maktublarni topshirdi.
Prezident Shols hukumati qator jiddiy muammolarga duch kelganini, jumladan, COVID-19 pandemiyasi, Ukrainadagi urush, G‘azodagi mojaro va energetika inqirozini qayd etdi.
"Siz federal hukumat sifatida tez va qat’iy harakat qilishingiz kerak edi. Sizning mehnatingiz hurmatga loyiq", - dedi Shtaynmayer.
Shuningdek, u Shols hukumatining harakatlari Germaniyaning mudofaa qobiliyatini yaxshilash, energiya ta’minotini barqarorlashtirish va qochqinlarni qabul qilishni tashkil etish imkonini berganini ta’kidladi.
Rasmiy iste’foga qaramay, Federal prezident iltimosiga ko‘ra, Shols kabineti yangi hukumat tuzilmaguncha o‘z faoliyatini davom ettiradi. Germaniyaning asosiy qonuniga ko‘ra, bu mamlakatda barqarorlikni ta’minlash uchun zarur.
Koalisiyaning yangi hukumat tuzish bo‘yicha muzokaralari davom etmoqda. Nemis OAVlarining yozishicha, agar Xristian-demokratik ittifoq yetakchisi Fridrix Mers hamkorlar bilan kelishuvga erisha olsa, Pasxa bayrami oldidan yangi vazirlar mahkamasi tuzilishi mumkin.