“Qumtor” konida qancha oltin borligi ma’lum qilindi

“Qumtor” konida 261 tonna oltin zaxirasi borligi ma’lum qilindi. Bu haqda tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Meder Mashiyev ma’lum qildi.
“Qumtor”da qolgan oltin zaxirasi taxminan 127 tonna edi. 2024 yil va undan oldin o‘tkazilgan geologiya-qidiruv ishlari natijalariga ko‘ra, Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi yig‘ilishida 147,5 tonna oltin zaxiraga qo‘shildi. Natijada “Qumtor”ning hozirgi zaxirasi 261 tonnani tashkil etmoqda, dedi Mashiyev.
Biroq Meder Mashiyev aytgan 127 va 147 tonna qo‘shilsa, 274 tonna chiqadi. Ammo vazir bu tafovut haqida batafsil ma’lumot bermagan.
Qumtor Gold kompaniyasi 2024 yilda 12,5 tonna oltin qazib olishni rejalashtirgan. Bugungi kunga qadar qancha oltin qazib olingani haqida ma’lumot yo‘q. 2023 yilda esa “Qumtor” kompaniyasi rejalashtirilgan 14 tonna o‘rniga 13 tonna 567 kilogramm oltin qazib olgan.
Qirg‘iziston hukumati Kanadaning Centerra Gold kompaniyasi tomonidan ekspluatasiya qilinayotgan “Qumtor” konini 2021 yil may oyida o‘z nazoratiga olgan va uzoq davom etgan tortishuvdan so‘ng 2022 yil aprel oyida uni to‘liq qo‘lga kiritgan. Buning evaziga Qirg‘iziston Centerra Gold’ning 26 foiz aksiyalarini bergan va barcha ekologik hamda moliyaviy da’volardan voz kechgan.
Mashiyev 100 tonnadan ortiq oltin zaxirasiga ega “Chaarat” konini 2-3 yildan keyin o‘zlashtirish boshlanishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Chaarat” koni to‘liq geologiya-qidiruvdan o‘tgan va tasdiqlangan zaxiralar 100 tonnadan ortiq oltinni tashkil etgan.
Lisenziat britaniyalik kompaniya (Chaarat Zaav) hisobalanadi. Yil oxirida ular bilan uchrashuv o‘tkazib, talablarimizni bildirdik. Kompaniya qazib olish ishlarini keyingi 2-3 yil ichida boshlashni rejalashtirmoqda, dedi vazir.