Pillachilikda yangi bosqich

Pillachilikda yangi bosqich

Ipak matosi pishiqligi, mayinligi, o‘z jilosi bilan azaldan ma’lum va mashhur. Ilgarilari faqat boy-badavlat odamlar kiyimi uchun ishlatilgan ushbu noyob matoni tayyorlashda ipak qurti bir oyda o‘z vaznidan 20 marta ortiq miqdordagi tut bargini yeyishi kerak bo‘ladi. Ko‘plab qiyinchiliklar asosida bunyod bo‘ladigan bu matoni ishlab chiqarishda O‘zbekiston ham dadil qadam tashlamoqda.

Bugun mamlakatimiz pillachilik tarmog‘ida 40 ga yaqin pillani qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritmoqda. Pillachilikda 14,5 ming kishi doimiy va deyarli 411 ming nafar yurtdoshimiz mavsumiy ish o‘rni bilan ta’minlangan. Respublikadagi tutzorlarning umumiy maydoni 45,8 ming gektarni tashkil etadi. 220 million tup tut daraxti bor.

Agar sohada barcha imkoniyatlar ishga solinadigan bo‘lsa, ushbu raqamlarni yana bir necha barobarga oshirish mumkin.

Bugun sohada yetarlicha muammolar ham mavjud. Birgina pillaning ozuqasi masalasida kamomadlar kuzatilmoqda. Bu esa pillani qayta ishlash korxonalarini pilla bilan to‘liq ta’minlash imkonini chegaralaydi. Shu sabab ipak qurti urug‘ining ko‘p qismini import qilishga to‘g‘ri kelayapti. Jumladan, joriy yilda 91 foiz ipak qurti urug‘i chetdan olib kelindi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 4 dekabrdagi “Respublikada pillachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu sohada yangi qadamni boshlab beradi.

Yurtimizda so‘nggi vaqtlarda erishilgan eng yaxshi natijalarimizdan biri, bu – pilla yetishtirish bir yilda uch martaga yetkazilganidir. Natijada korxonalarning xomashyoga bo‘lgan talabi qondirildi. Ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanilayapti. Bir muddat ipakchilikka berilmagan e’tibor sabab, sohada oqsash kuzatildi. Sifat darajasida ham muammolar bor edi. Hosildorlik tushib ketgandi.

Prezident qaroriga muvofiq, 2019-2021 yillarda pillachilik tarmog‘i korxonalari tomonidan tomorqa yerlarida, aholi xonadonlarida tut ko‘chatlari ekishni va parranda boqishni tashkil etishning maqsadli prognoz parametrlari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, aholi, tomorqa yer egalariga parranda va tut ko‘chatlarini shartnoma asosida bepul yetkazib berish rejalashtirildi. Bundan tashqari, umumiy qiymati 33 million AQSh dollariga teng bo‘lgan jami 2 ming 200 ta ipak qurtini parvarishlaydigan inshootlar ham barpo etiladigan bo‘ldi.

Qaror asosida uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlar 2023 yil 1 yanvarga qadar muddatga mol-mulk va yer soliqlarini to‘lashdan ozod etildi. Bu pillachilik sohasida yangi bosqichni boshlab beradi.

Pillachilik rivoji uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan quvonamiz. Ayniqsa, beriladigan kredit foizlaridagi imtiyoz, korxonaning iqtisodiy qo‘llab-quvvatlanishi pillachiligimiz tez rivojlanishining asosiy omili bo‘lishi shubhasiz. Biz, buxorolik pillakorlar Prezidentimizning ishonchini oqlab, berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanamiz va belgilangan rejalarni bajarish uchun astoydil harakat qilamiz.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!