Paralimpiya o‘yinlari chempioni va rekordchisi Bobur Omonov: "Malibu"ga qiziqib sportga kirganman..."

Paralimpiya o‘yinlari chempioni va rekordchisi Bobur Omonov: "Malibu"ga qiziqib sportga kirganman..."

Tokio—2020 Paralimpiya o‘yinlarida parayengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Boburjon Omonov 14,06 metr natijani qayd etib, Paralimpiya rekordini yangilagan holda oltin medalga sazovor bo‘ldi. 10 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga ko‘ra «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Unga Prezident sovg‘asi sifatida avtomobil va Toshkent shahridan uylar topshirildi. Oradan ikki kun o‘tib esa Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham Paralimpiya o‘yinlari sovrindoriga Andijon shahridan 2 xonali xonadon sovg‘a qildi.

«Daryo» muxbiri Boburjonning xonadonida bo‘lib, u bilan sportga kirib kelish tarixi, g‘alaba yo‘lidagi qiyinchiliklar va kelgusidagi rejalari haqida suhbatlashdi. Uning aytishicha, bolaligida bo‘yi pastligi sabab o‘zini himoya qilish uchun turli sport turlari bilan shug‘ullanishga, kuchli bo‘lishga harakat qilgan.

Sport bilan bolaligimdan shug‘ullanaman. 6—7 yoshligimdan mahalladagi akalarga qo‘shilib, o‘zim yugurardim. 9—10 yoshimda sportning ushu turi bilan shug‘ullanishni boshlaganman. Uch yil davomida turli darajadagi musobaqalarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallaganman. Esimda, birinchi yutug‘im Buxoro shahrida o‘tkazilgan musobaqada bo‘lgan. O‘shanda birinchi o‘rinni olganman. Hattoki, uch karra O‘zbekiston chempioni bo‘lganman.

Avvallari musobaqalar kam bo‘lardi. O‘tkaziladiganlariga esa o‘z hisobingizdan borishingiz kerak edi. Xarajatlarni o‘z yoningizdan ko‘tarmasangiz, qolib ketasiz. Shunday holatlar bo‘lganki, ba’zan mablag‘ tomondan qiynalib qolgan paytlarimizda ayrim musobaqalarda ishtirok eta olmaganman. Bundan tashqari ushuda asosan bo‘yingizga emas, yoshingiz va vazningizga qaralardi. Shu va boshqa sabablar ortidan asta-asta ushuga bo‘lgan qiziqishim so‘na boshlagan. Shunday bo‘lsa-da mashg‘ulotlarda o‘zim uchun qatnashardim. Qishloqda o‘sgan bo‘lsak-da, ota-onam hech qachon meni sport bilan shug‘ullanishimga qarshi bo‘lmagan. Bunday deyishimga sabab ko‘pchilik tengdoshlarim uy va dala ishlaridan ortmasdi. Sportdan tashqari vaqtlarimda dadamning tadbirkorlik ishlarida yordamlashardim.

Bugungi darajaga erishishimga ushbu sport turi bilan shug‘ullanishga chorlagan, ustozim, 2016 yilda Rioda o‘tkazilgan Paralimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Mavlonbek Haydarov hisoblanadi. Mavlonbek aka bilan 2017 yilning boshlarida o‘zi ochgan, tuman markazida joylashgan fitnes klubda tanishganmiz. O‘sha yerga do‘stlarim va tanishlarim bilan kunda-kun ora borib, o‘zimiz uchun shug‘ullanib turardik.

Mavlonbek aka haqida eshitgandim, ammo yaqindan gaplashmagandim. Odatiy mashg‘ulotlarning birida Mavlonbek aka meni ko‘rib, oldiga chaqirdi. Suhbat davomida bo‘yimni necha santimetr ekanligini so‘radi. «Bo‘yim 140 santimetr bo‘lishi kerak» desam, shunda ustozim «agar bo‘ying 140 santimetr bo‘lsa, shogirdlikka qabul qilib, seni chempion qilaman» dedi. Ertasi kuni yana borganimda bo‘yimni o‘lchaganimizda rosa to‘g‘ri kelib, 140 santimetr chiqqan. Keyin Marhamat tumanidagi «Paxtakor» o‘yingohiga borganmiz. Shu yerda tosh uloqtirishni o‘rgandim. Mana shunday qilib, sport bilan jiddiy shug‘ullanishni boshlaganman.

To‘g‘risi, unga qadar ham yengil atletika bilan o‘z sog‘lig‘im, bo‘yimni o‘stirish uchun shug‘ullanganman. Unda faqat yugurish mashqlarini bajarardim. Shundan keyin yengil atletikaning boshqa turlari ham borligini bilganmanBir sirni aytishim kerak, mashg‘ulotlarni boshlagan davrimda men ham ustozim kabi Prezident qo‘lidan qimmatbaho sovg‘alarni olishni orzu qilardim. Aniqrog‘i, Malibu’ga qiziqqanman. 2017 yildan boshlab Mavlonbek aka qo‘l ostida shug‘ullanishni boshlagan bo‘lsam, o‘sha yilning o‘zidayoq yutuqlarga erisha boshlaganman. Misol uchun, avgust oyida O‘zbekiston chempionatida ishtirok etib, oltin medalni qo‘lga kiritganman. Bundan tashqari 2017 yilning 8—14 dekabr kunlari BAAning Dubay shahrida yengil atletika, suzish va pauerlifting sport turlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan III Yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida ham oltin medal olganman.

Qisqa muddat ichida erishilgan natijalar menga yanada kuch bag‘ishlab, ko‘proq yutuqlarga erishishga bo‘lgan umid uchqunini uyg‘otdi. Biroq ko‘nglimda «hali yosh sportchi bo‘lsam, Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlanishga ulgurarmikanman?» degan xayollar o‘tardi. Lekin o‘z oldimga qo‘ygan maqsad sari intilishdan to‘xtamadim. Natijada 2018 yilning kuzida Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkazilgan III yozgi Paraosiyo o‘yinlarida ham ishtirok etib, g‘olib bo‘ldim.

2019 yilning noyabr oyida Dubay shahrida parayengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon Chempionatida omad kulib boqib, 14,03 metr natija bilan oltin medal hamda Tokio—2020 Paralimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdim. Ushbu yirik musobaqaning bir yilga kechiktirilgani menga ancha foydali bo‘ldi. Boisi, o‘z ustimda tinimsiz ishlashga harakat qildim.

2021 yil men uchun omadli keldi, desam yanglishmayman. Boisi, joriy yilning fevral oyida BAAning Dubay shahrida o‘tkazilgan parayengil atletika bo‘yicha «Fazza» xalqaro Gran-pri turnirida oltin medal qatorida jahon rekordini ham yangilashga muvaffaq bo‘ldim. O‘shanda yadro toshini 14,31 metrga uloqtirishga muvaffaq bo‘lgandim. So‘nggi natijani esa barcha yurtdoshlarimiz yaxshi bilishadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!