OAV: Putinning "oshpazi" al-Bashirga hokimiyatni saqlashga (muvaffaqiyatsiz) yordam bergan

OAV: Putinning "oshpazi" al-Bashirga hokimiyatni saqlashga (muvaffaqiyatsiz) yordam bergan

Rossiyada Putin oshpazi nomi bilan mashhur oligarx Yevgeniy Prigojinga yaqin maslahatchilar Sudan prezidenti Umar al-Bashirga hokimiyatda qanday qolishni, xalq noroziligini qanday bostirishni o‘rgatib turgan. Dosye markazi bergan shu haqdagi ma’lumotlarni MBX Media va CNN telekanali e’lon qilgan.

Prigojinga qarashli kompaniya tahlilchilari Sudan prezidentiga aholining norozilik kayfiyatini bostirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqan.

Unda norozilik harakati liderlarini qamoqqa tashlash, media erkini cheklash, sanksiyalanmagan ommaviy harakatlar uchun jazoni kuchaytirish kabi tavsiyalar o‘rin olgan.

Lekin eng qiziq (va dahshatli) tavsiyalar quydagilardir: birinchisi noroziliklarga yetakchi bo‘lganlarni (vatan xoinlarini) namoyishkorona va ochiqchasiga yo‘q qilish . Ikkinchisi esa marodyorlarni norozi kayfiyatdagi ommaning ko‘z o‘ngida qatl etish va ommaning e’tiborini boshqa tomoshabop tadbirlar bilan chalg‘itish dir.

  • OAVlar bir necha marta Afrikaning turli davlatlarida, jumladan, Sudan, Liviya, Markaziy Afrika Respublikasida Prigojinning biznes manfaatlari borligi haqida yozgan.
  • Sudanni 30 yil boshqargan al-Bashir 12 aprel kuni harbiy to‘ntarish ortidan hokimiyatdan ketdi. To‘ntarish bir necha oylik norozilik namoyishlaridan so‘ng yuz berdi.
  • Rasmiy Moskva to‘ntarishdan 4 kun o‘tib, Sudanning yangi hukumatini tan oldi.

Rus maslahatchilarining Afrikadagi sarguzashtlari nimani anglatadi: avvalroq Bloomberg Yevgeniy Prigojin bilan bog‘liq siyosiy maslahatchilar va yollanma jangchilar Afrikaning o‘nta davlatida faoliyat yuritayotgani haqida ma’lumot bergan.

Evgeniy Prigojin Vladimir Putinga eng yaqin oligarxlardan biri hisoblanadi. U shuningdek Rossiya harbiy rahbariyati bilan yaxshi munosabatda. Vagner xususiy harbiy kompaniyasini va trollar fabrikasi sifatida mashhur Internet tadqiqotlari firmasini Prigojin nomi bilan bog‘laydilar.

Vagner XHK ham, trollar fabrikasi ham Rossiyaning gibrid urushi konsepsiyasida muhim rol o‘ynaydi.

Xususan, Vagner XHK Suriya va boshqa qaynoq nuqtalar da rus harbiylarining nozik topshiriqlarini bajaradi. Trollar fabrikasi ham xuddi shunday nozik topshiriqlarni bajaradi, faqat internetda.

  • Gibrid urush deb noqonuniy qurollangan bo‘linmalarning panasidagi harbiy amaliyotlar bilan bir paytda siyosiy, iqtisodiy, informasion-propagandistik choralarni ham qo‘llashga aytiladi. Bu konsepsiyaning mualliflaridan biri Rossiya QK bosh shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari general Valeriy Gerasimov hisoblanadi.
  • Rossiya bunday amaliyotlarni olis Afrikada amalga oshirayotgan bo‘lsa, o‘zining tomorqasi va hayotiy manfaatlari hududi hisoblagan Markaziy Osiyoda ham shu kabi xatti-harakatlarni amalga oshirmayotganiga kafolat yo‘q.

Manba: minbar.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!