Navoiyda qing‘ir ishning qiyig‘i fosh bo‘ldi

Navoiyda qing‘ir ishning qiyig‘i fosh bo‘ldi

Xalqimizda “qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi” degan ibratli maqol bor, biroq T.Eshmatovning (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) qing‘ir ishi bir yilga ham bormadi.

2019 yil 25 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati Navbahor tuman sudi tomonidan T.Eshmatovga (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib hukm chiqarildi.

Gap shundaki, T.Eshmatov (ism-sharifi o‘zgartirilgan), 2019 yilning mart oyini o‘rtalarida Respublika hududida muomalasi cheklangan giyohvandlik o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilib, fuqarolar tomonidan iste’mol qilish ta’qiqlangan 1 (bir) tup “Kanoplya” giyohvandlik o‘simligini, Navbahor tumanidagi yashash xonadonida bo‘lgan anor daraxtining ostiga ekib yetishtirgan.

Bundan tashqari, T.Eshmatov o‘zining jinoiy harakatlarini qasddan davom ettirib, 2019 yil 15 noyabr kuni soat 15:40 larda Navbahor tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida, yashash xonadonida mavjud xashaklar orasiga kelgusida o‘tkazish maqsadida saqlab kelgan sof vazni 2.34 gramm og‘irlikdagi “Marixuana” giyohvandlik vositasi hamda xonadonidagi molxonaning devor orasiga, alohida-alohida sariq rangli qog‘oz bo‘laklariga qadoqlab yashirib qo‘ygan, kelajakda o‘tkazish maqsadini ko‘zlab saqlab kelgan, sof vazni 2.66 gramm og‘irlikdagi “Marixuana” giyohvandlik vositasi topilib, giyohvandlik vositalari IIB xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.  

Sud tomonidan T.Eshmatovni O‘zbekiston Respublikasi JK 270-moddasining 1-qismi va 25,273-moddasining 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi, uni birinchi marta jinoyat sodir etgani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, oilaviy ahvoli va sodir qilgan jinoyatining oqibatlarini tushunib yetganligi e’tiborga olinib, unga JKning 59-moddasi tartibida 3 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

 

 A.Ibodov,  Jinoyat ishlari bo‘yicha

  Navbahor tuman sudining raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!