Muhsin Faxrizodaga sun’iy intellektli pulemyotdan o‘t ochilgan?

Muhsin Faxrizodaga sun’iy intellektli pulemyotdan o‘t ochilgan?

Eronlik yadroshunos olim Muhsin Faxrizoda sun’iy yo‘ldosh orqali boshqarilgan sun’iy intellektli pulemyotdan o‘ldirilgan. Bu haqda Islom inqilobi muhofizlari korpusi bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Ali Fadavi ma’lum qildi. Ekspertlarning bir qismi ushbu rasmiy talqinga skeptik nuqtai nazardan yondashishmoqda.

Kontr-admiral Fadavining so‘zlariga ko‘ra, quroldan 13 marta o‘q uzilgan. O‘qlar zirhlangan mashinadagi Faxrizodaga tekkan, ammo yonidagi rafiqasi shikastlanmagan. Pulemyot yo‘ldan ichkariroqda turgan «Nissan» avtomobiliga o‘rnatilgan bo‘lgan.

«Yuqori texnologiyali kameralar yordamida pulemyot Faxrizodaning yuziga to‘g‘rilangan, bunda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgan», deya eronlik harbiy amaldorning so‘zlarini keltirgan «Mehr» agentligi. Fadavining qo‘shimcha qilishicha, o‘z tanasi bilan Faxrizodani to‘sgan tansoqchiga to‘rtta o‘q tekkan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Faxrizodaga qilingan hujumda odamlar ishtirok etmagan, avtomatik qurol sun’iy yo‘ldosh orqali onlayn boshqarilgan. Erondagi «Fars» agentligi xabariga ko‘ra, Faxrizoda o‘ldirilgach, pulemyot o‘rnatilgan avtomobil o‘zini o‘zi portlatib yuborgan.

Avval ham yuqori texnologiyali qurol qo‘llangani haqidagi versiya aytilgandi, ammo bu safar bu talqin rasmiy shaxs tilidan ilk marta yangramoqda. Mustaqil manbalar hozircha bu versiyani tasdiqlamadi.

Faxrizodaning o‘limi haqidagi xabarlar ortidan, G‘arb davlatlari razvedka xizmatlari Eron hukumati olimning o‘ldirilishida Isroilni ayblayotgani to‘g‘risida ma’lumot tarqatdi. Isroil hukumati bu hodisaga aloqadorligini tan olmadi, shu bilan birga ayblovni rad etmadi.

Tahlilchilarning qayd etishicha, yadroshunos fizikning o‘limi Eron va olti yirik davlat - AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi 2015 yilgi yadroviy kelishuv (AQSh sanksiyalari yumshatilishi evaziga Eron yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha) tiklanishiga xalal berishi mumkin. AQShning hozirgi prezidenti Donald Tramp mamlakatni ushbu kelishuvdan olib chiqqandi, yangi saylangan prezident Jo Bayden esa kelishuvni tiklash niyatini bildirgan.

Qotillik 27 noyabr kuni ertalab, Faxrizoda rafiqasi bilan birga Eron shimolidagi Mazandaron viloyatida joylashgan Rostamkola shahridan chiqib, Absard aholi punktiga ketayotganida sodir etilgan. Olim zirhli avtomobilda bo‘lgan, unga o‘z soqchilari xizmatining uchta mashinasi hamrohlik qilgan. Mashinalardan biri oldinga chiqib, vaziyatni tekshirish uchun uzoqlashib ketgan. Shu payt Faxrizodaning avtomobiliga bir nechta o‘q kelib tekkan, olim esa mashina nimagadir to‘qnashdi yoki dvigatel bilan muammo yuzaga keldi, deb o‘ylab, mashinadan chiqqan. Shundan keyin olimning avtomobilidan 150 metr uzoqlikdagi «Nissan» mashinasidan masofadan turib boshqarilgan avtomatik o‘qotar quroldan o‘t ochilgan.

Muhsin Faxrizodaga sun’iy intellektli pulemyotdan o‘t ochilgan?


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!