Mayyitlar bir nechta bo‘lsa…

Mayyitlar bir nechta bo‘lsa…

Agar janozaga bir nechta mayyit hozir qilinsa, hammasiga bitta janoza namozi o‘qilsa, joiz. Mayyitlar faqat erkaklar bo‘lsa, ularni namozdagi saf singari yoki imom ro‘baro‘sidan boshlab bir qator qilib qo‘yilsa ham bo‘ladi[1]. Shunda imom ro‘baro‘siga Qur’onni boshqa mayyitlardan ko‘ra ko‘p yod olgani qo‘yiladi. Qolganlari ham shu asnoda bir qator qilib qibla tarafga tuziladi. Zotan, Uhud jangida shahid bo‘lgan sahobalarni Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam shunday tartibda joylashtirgan­lar. Agar bir necha mayyit erkagu ayol va yosh bolalardan iborat bo‘lsa, bi­rinchi erkaklar imom ro‘baro‘siga, so‘ng qibla tomonga qarab yosh o‘g‘il bola, keyin hunasalar (erkak va ayollik alomatlari bir xil bo‘lgan kishilar), so‘ng ayol kishi, oxiri yosh qiz bola qo‘yiladi. Bunga dalil:

عَنْ عَمَّارٍ مَوْلَى الْحَارِثِ بْنِ نَوْفَلٍ أَنَّهُ شَهِدَ جَنَازَةَ أُمِّ كُلْثُومٍ وَابْنِهَا فَجُعِلَ الْغُلاَمُ مِمَّا يَلِي اْلإِمَامَ فَأَنْكَرْتُ ذَلِكَ وَفِي الْقَوْمِ ابْنُ عَبَّاسٍ وَأَبُو سَعِيدٍ الْخُدْرِيُّ وَأَبُو قَتَادَةَ وَأَبُو هُرَيْرَةَ فَقَالُوا هَذِهِ السُّنَّةُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.

Horis ibn Navfal roziyallohu anhuning mavlosi Ammordan rivoyat qilinadi:

«Ummu Kulsum va uning o‘g‘lining janozasiga hozir bo‘lgan edi.

«Bolani imomga yaqin tomonga qo‘yishdi. Men buni inkor qildim. Odamlar orasida Ibn Abbos, Abu Sa’id al–Xudriy, Abu Qatoda, Abu Hurayralar bor edi. Ular: «Sunnat shu», dedilar». Imomlar Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan.

Ali roziyallohu anhu aytadilar:

«Agar erkak va ayollarning janozasi bir bo‘lib qolsa, erkaklarni imom tomonga, ayollarni qibla tomonga qo‘yiladi».

Bu rivoyatlardan ikkita fiqhiy masala olinadi.

  1. Bir nechta mayyitga bitta janoza namozi o‘qish mumkin.
  2. Janoza bir nechta bo‘lganida, avval erkak jinsiga mansublarini imom tarafga yaqin qilib qo‘yib, keyin ayol jinsiga mansublar qo‘yilishi.

Katta va ilmi ila mashhur sahobai kiromlarning guvohlik berishlaricha, bu amal sunnat ekan.

Manba: hidoyat. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!