Kuchli mutaxassislar nega O‘zbekistondan ketadi?

Kuchli mutaxassislar nega O‘zbekistondan ketadi?

10 kundan keyin Toshkent shahrida «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Kengash a’zolari o‘zining taqdirini O‘zbekiston bilan bog‘lagan, jamiyatni yuksaltirishga bel bog‘lagan kishilar hisoblanadi. Shuningdek, ularning ko‘pchiligini bir narsa birlashtiradi - ekspertlar bir vaqtlar O‘zbekistonda yashagan, ta’lim olgan. Lekin savol paydo bo‘ladi: shunchalar muvaffaqiyatli shaxslarning chetga chiqib ketishiga nima turtki bo‘lgandi?

Vaziyatga to‘g‘ri baho berish uchun 2000 yillarga qadar O‘zbekistondan ketgan mutaxassislarni muhokama maydonidan chiqarib yuboramiz. Negaki, bu vaziyat Sovet ittifoqidan qolgan «meros»ni hazm qilolmayotgan jamiyatlarda ham birdek kuzatildi. Shunga qaramasdan, “oltinboshlar”ni yo‘qotish yangi davrda ham davom etdi. Shu pallada birin-ketin Toshkent shahrida ochilgan xorijiy oliygohlarning filiallari «portlash arafasidagi minani sekinlashtirdi» desa bo‘ladi.

«Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi tarkibiga kirgan o‘z sohasining yetuk kadrlari bilan tanishsangiz, ularning 30 foizi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining sobiq talabalari bo‘lganini anglaysiz. Umuman olib qaraganda, mamlakatdagi eng nufuzli oliygohlardan biri bo‘la turib, bitiruvchilarning aksariyati chet elda ta’limni davom ettirish, o‘sha yerda ishlashni afzal bilgan.

«Afsuski, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti  chinakam istiqbolli, o‘z kasbiga sadoqatli va professional yosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazifalarni to‘laqonli bajarayotgani yo‘q. Universitet bitiruvchilarining davlat idoralariga ishga joylashishi o‘ta past darajada qolmoqda», deb oliygoh faoliyatini tanqid qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Misol uchun, 2017 yilda universitetni bitirgan 235 yoshlarning atigi 14 nafari Tashqi ishlar vazirligiga ishga qabul qilingan. Ammo, yuzaga kelgan vaziyatga sababchi bo‘lib turgan masalalar o‘z yechimini topmayapti. O‘zbekistonlik mutaxassislarni xorijda faoliyatini davom ettirishga undagan eng katta omil - maosh va ishdagi munosabat. Bu sababni hech yashirmay aytish kerakki, vaziyat hanuzgacha o‘nglanmagan.

«​Umidchi borgan ishxonasida oylik maosh pastligi, sharoit yo‘qligi esa oilani halol boqish uchun boshqa ishlarni izlashga undagan. Undan tashqari uni mutaxassis sifatida qabul qilmasdan, balki o‘ziga xavf sifatida ko‘radigan rahbarlarga duch kelgani esa eng katta salbiy holatlarni yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan»​, deydi Innovasion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov. U mazkur voqeani «Umid» jamg‘armasi orqali xorijda ta’lim olgan yoshlar misolida tushuntirgan.

Masalaga boshqa ko‘z bilan qaraydigan bo‘lsak, Jahon banki 2013 yil taqdim etgan ma’lumotda O‘zbekiston aholisining 14,1 foizi kambag‘allikda umr kechirishi hamda shu toifaga kiritilgan kishilar yashash uchun zarur bo‘lgan minimumga ega emasligi aytilgan. Shunday ijtimoiy-iqtisodiy muammolar girdobida turib, O‘zbekistonda byurokratik tizimni yengillashtirish, korrupsiya bilan shug‘ullanishga astoydil harakat qilinmadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev shunday deydi:

«Jamiyat rivojiga g‘ov bo‘lib turgan yana bir illat – bu korrupsiya balosidir... Futbolchilarimiz korrupsiya bo‘lmasa, qanday natijalarga erishish mumkinligini isbotladi».

Hech shubhasiz aytamanki, O‘zbekistonda ham yetarlicha xalqaro maqomga ega obro‘li mutaxassislar ish olib boradi. Bugun ham chet el safariga turli maqsadlar bilan otlangan yurtdoshlarimiz bir kun, albatta, tug‘ilib o‘sgan vataniga xizmat qilishni niyat qiladi. Hozirgacha xorijdagi vatandoshlar O‘zbekiston hayotiga befarq emasligini bildirib, hech bo‘lmaganda maslahatlarini bildiradi. Bir so‘z bilan aytganda, ular O‘zbekistonda qolganda ham biz tanigan mashhurlar bo‘lib yetishmasdi.

Aslida tizimni biqiq boshqarish va ertangi kunga beparvolik «​oltinboshlar»​ni yo‘qotishga olib keldi, deb xulosa qilish mumkin. O‘tgan haftada Qozog‘istonda safarda bo‘lib qaytdim, Ostona shahrida esda qolgulik voqealarga duch keldim. Ulardan biri 3 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bilan suhbat edi. Ostonada oyna artuvchi o‘zbekistonliklarning biri- Farg‘onada shifokor, ikkinchisi o‘qituvchi bo‘lgan, uchinchisi ishsizlikdan najot qidirib musofir yurtga oilasini ham olib ketgan yurtdoshimiz.

Alisher Ro‘ziohunov

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!