Istanbul aeroportida qolib ketgan 40 dan ortiq o‘zbekistonlik vataniga qaytadi

Istanbul aeroportida qolib ketgan 40 dan ortiq o‘zbekistonlik vataniga qaytadi

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulligi o‘zining Telegram sahifasida bayonot e’lon qildi:

«Ba’zi ommaviy axborot vositalarida «16 va 30 iyul kunlari «Turkish Airlines» aviakompaniyasi tomonidan tashkil etilgan charter reysda jami 42 o‘zbekistonlik yo‘lovchi parvozdan qolib ketgan»i haqidagi xabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

🗓 16 iyulda qolib ketgan 12 fuqaro parvoz uchun shakllantirilgan ro‘yxatdan joy olmagan edi. «Turkish Airlines» aviakompaniyasi o‘z reglamentiga muvofiq, parvozgacha 1,5 soat vaqt qolganda kelmagan yo‘lovchilarning o‘rniga tegishli biletlarni ro‘yxatda mavjud bo‘lmagan boshqa yo‘lovchilarga sotgan. Ushbu holatda bilet sotib olgan fuqaro zarur hujjatlarini taqdim etib, tezkorlik bilan chegaradan o‘tish ishlarini amalga oshirsa, biror muammosiz samolyot bortiga yetib olishi mumkin edi.

🚫 Lekin afsuski, ro‘yxatda bo‘lmagani holda bilet sotib olgan fuqarolar chegaradan o‘tish jarayonida Turkiya hududida bo‘lish qonun-qoidalarini buzganligi aniqlangan va tegishli ma’muriy choralar ko‘rilgan. Buning natijasida ular tegishli charter parvoziga o‘z vaqtida yetib ololmagan. Tartibga muvofiq samolyot belgilangan vaqtda Toshkentga uchib ketgan.

Yuqoridagiga o‘xshash holat 30 iyuldagi parvoz vaqtida ham kuzatilgan.

📋 Hozirgi vaqtda Istanbul xalqaro aeroporti odatdagi tartibda faoliyat ko‘rsatmoqda va migrasiya idorasining bo‘linmasida uzun navbatlar yuzaga kelmoqda. Pandemiya davrida fuqarolarimizning vizalari bilan bog‘liq masalalarini hal etishga amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan mamlakatimizning Turkiyadagi Elchixonasi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Turkiya tomoniga tegishli mazmundagi murojaatlar yuborilgan edi.

💰O‘z navbatida, Turkiya tashqi ishlar vazirligi tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan O‘zbekiston vakolatxonalarining murojaatini ijobiy ko‘rib chiqqan va karantin chora-tadbirlari natijasida yuzaga kelgan vaziyat sababli Turkiyada bo‘lish qoidalarini buzgan fuqarolarimizga nisbatan ma’muriy javobgarlik joriy etilmasligini bildirgan. Shu bilan birga, pandemiya e’lon qilinishidan avvalgi muddatlarda Turkiyaning viza tartibini buzganlarga nisbatan amaldagi tariflarga asosan jarimalarning qo‘llanilishi davom etmoqda.

❗️Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, charter parvozlariga ro‘yxatga olingan fuqarolarimizni chegaradan o‘tish jarayonini o‘z vaqtida amalga oshirishlari uchun Istanbul xalqaro aeroportiga ertaroq kelishlarini so‘rab qolamiz. Chunki, havo yo‘llari chegarasidan o‘tishingiz jarayonida Turkiyada bo‘lish tartibiga xilof ish tutganingiz aniqlansa, Turkiya migrasiya ishlari mutasaddilari sizga nisbatan tegishli ma’muriy chora-tadbirlarni ko‘radi.

❌ Shuningdek, ro‘yxatda bo‘lmagani holda aeroportga kelib charter parvozidan 1,5 soat avval bilet sotib olayotgan fuqarolarimizga shuni ma’lum qilamizki, charter parvoziga bilet sotib olish mamlakatga uchib ketishingizni kafolatlay olmaydi. Chunki, agar sizning Turkiyada bo‘lish tartibiga xilof ish tutganingiz aniqlansa, 1,5 soat ichida ma’muriy chora-tadbirlarni bitirish va samolyot bortiga yetib olish imkonsizdir. Turkiya migrasiya mutasaddilari biletingiz va parvozingizning vaqtidan qat’iy nazar ma’muriy huquqbuzarlik bilan bog‘liq chora-tadbirlarni oxiriga yetkazmasdan turib, sizning chegaradan o‘tishingizga ruxsat bermaydi.

🛩 🇺🇿 Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tmoqchimizki, Bosh konsullik vakillari 16 iyuldagi parvozdan qolib ketgan fuqarolarimizga tegishli konsullik-huquqiy yordamni berib, ularni mamlakatga qaytarish choralarini ko‘rmoqda. Hozirda 30 iyuldagi parvozdan qolib ketgan fuqarolarimiz bilan ham aloqa o‘rnatilgan bo‘lib, yaqin kunlardagi charter reyslarida ularning ham mamlakatimizga qaytarilishi ta’minlanadi».


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!