“Islom davlati”ga aloqasi bo‘lgan 30 nafar mahbus qochib ketishga urindi

“Islom davlati”ga aloqasi bo‘lgan 30 nafar mahbus qochib ketishga urindi

Avval xabar berilganidek, Tojikiston g‘arbidagi Vahdat shahrida joylashgan qattiq rejimli koloniyada 19 may kuni kechqurun yuz bergan isyon oqibatida uch nafar qo‘riqchi va 29 nafar mahbus o‘ldirildi. Bu haqda mamlakat Adliya vazirligiga tayangan holda hukumatga tegishli “Xovar“ agentligi ma’lum qildi.

Tojikiston Adliya vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, 19 may kuni kechqurun koloniyadagi “Islom davlati”ga aloqasi bo‘lgan 30 nafar mahbus qochib ketishga uringan. Pichoq va o‘tkir buyumlar bilan qurollangan isyonkorlar koloniyaning uch nafar qo‘riqchisini avvaliga garovga oldi va keyinchalik o‘ldirdi. Shundan so‘ng, jarima izolyatoridan Islom davlatiga mansublikda aybdor deb topilgan 8 nafar o‘ta xavfli jinoyatchini ozod qildi, so‘ng boshqa mahkumlarni qo‘rqitish maqsadida ularning ko‘z o‘ngida besh nafar mahbusni o‘ldirdi va o‘nlab boshqa mahbuslarni yarador qildi, deyiladi Respublika Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi xabarida.

Shundan keyin isyonkorlar koloniyadagi tibbiyot qismini yoqib yubordi, bir nechta mahbusni garovga oldi va o‘zlarining ozod etilishini talab qildi. Isyonni bostirish operasiyasi mobaynida 24 nafar mahbus o‘ldirildi, 35 kishi ushlandi, deyiladi rasmiy xabarda. Mamlakat Bosh prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Muassasaning ma’lum qilishicha, isyon tashkilotchilari sifatida faoliyati taqiqlangan ekstremistik guruh, jumladan ID a’zolari ko‘rilmoqda. Ulardan biri OMONning sobiq qo‘mondoni, Suriyaga qochib o‘tib, jihodchilar safiga qo‘shilgan Gulmurod Halimovning o‘g‘lidir.

O‘tgan tunda Vahdatdagi koloniyaning maxsus blokida o‘z erlari bilan uzoq muddatli uchrashuvga kelgan ayrim mahbuslarning rafiqalari otishma taxminan 21:00da boshlanganini va yarim soat davom etganini aytishdi.

“Men erim bilan uchrashuvga kelgan edim va bu yerda yana bir kun bo‘lishim kerak edi. Kutilmaganda tartibsizliklar boshlandi va mendan muassasani tark etib uyga qaytishimni so‘rashdi. Avvaliga biz binoni tark etmasligimizni so‘rashdi, keyinroq esa xavfsizlik nuqtai nazaridan ketishimizni iltimos qilishdi. Otishma vaqtida erim yonimda edi, hozir u hamma qatorida va men uning uchun qayg‘urayapman”, - deydi o‘z ismni oshkor qilishni istamagan ayol.

Vahdatga eltuvchi yo‘l qurolli kuchlar tomonidan kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanmoqda, qo‘shimcha blok-postlar qo‘yildi.

O‘tgan yilning noyabrida Tojikiston shimolidagi Xo‘jand shahridagi qattiq rejimli koloniyada yuz bergan isyon oqibatida 23 kishi, jumladan ikki nafar qo‘riqchi halok bo‘lgan edi.

Manba: uza.uz

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!