Ish beruvchilar xodimlaridan qarzdorlikka oid ma’lumotnoma talab qilishga haqlimi?

Ish beruvchilar xodimlaridan qarzdorlikka oid ma’lumotnoma talab qilishga haqlimi?

Idora va tashkilotlarda ishlaydigan xodimlar maosh oladigan kuni yaqinlashganda kommunal to‘lovdan, soliqdan qarzingiz yo‘qmi, degan so‘roq va savollar uchrayotgani sir emas. Ayniqsa, maosh beriladigan kun shunday xizmatlar uchun pul ushlab qolinishi amaliyoti ham yo‘q emas.

Yaqinda Adliya vazirligi ta’lim va tibbiyot sohasi xodimlarining oylik ish haqidan turli xizmatlar uchun pul ushlab qolinishi bilan bog‘liq noqonuniy holatlarni fosh etgan edi. Vazirlikning navbatdagi o‘rganishi davomida ko‘plab ish beruvchilar o‘z xodimlaridan soliqdan qarzi yo‘q, mazmunidagi ma’lumotnoma talab qilayotganini aniqladi.

Adliya vazirligi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, bunday holatga asosan davlat idoralarining ish beruvchilari tomonidan yo‘l qo‘yilmoqda. Ammo ish beruvchining xodimdan qardorlikka oid ma’lumotmona talab qilishi mumkinligi qonunda nazarda tutilmagan.

Joylarda o‘tkazilgan monitoring natijalari tibbiyot, ta’lim muassasalari ish beruvchilari tomonidan qonunga zid ravishda xodimlardan ma’lumotnoma talab etayotganini ko‘rsatgan. Xususan, Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida 75 va Buxoro viloyatining Jondor tumanida 65 holatda tibbiyot muassasalari xodimlaridan ish beruvchilar ma’lumotnomalar talab qilgani aniqlangan.

Bundan tashqari, fuqarolardan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish paytida yer tuzish va kadastr organlari tomonidan bunday ma’lumotnomalarni talab etilganligi holatlari uchragan.

Xodimlardan ma’lumotnoma talab etilayotganligi holati nafaqat ularning qonuniy huquq va manfaatlariga ziyon yetkazishga, balki davlat xizmatlari markazlarida sun’iy navbatlarning ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Aslida manfaatdor idora va tashkilotlar, zarur hollarda, soliq organlaridan bu kabi ma’lumotlarni so‘rovnoma yuborgan holda mustaqil olishlari mumkin. Soliq qarzdorligi aniqlangan taqdirda ish beruvchi faqat qarzdorlikni undirish haqidagi sud yoki davlat ijrochisining hujjati asosida uning oylik maoshidan ushlab qolish huquqiga ega.

Hozirda Adliya vazirligi mnfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish beruvchilar o‘z xodimlaridan har xil ma’lumotnomalarni noqonuniy talab etishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rmoqda.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!