Ilm ikki dunyo saodatidir

Ilm ikki dunyo saodatidir

Ilm dunyoda azizlik, oxiratda sharafdir. Ilmga ana shunday ta’rif berilgan. Demak, kimga dunyo kerak bo‘lsa, ilm olsin, kimga oxirat kerak bo‘lsa, ilm olsin, kimga ikki dunyo kerak bo‘lsa, ilm olsin. Zanjiy ibn Xolid r.a aytadi: “Bolalik paytimizda Zuhriy r.a ning huzuriga kirgan edik, u zot bizga: “Ilm talab qilinglar. Shunda siz dunyoni istasangiz unga yetishasiz, oxiratni istasangiz ham unga yetishasiz”, dedilar”. Ilmning darajasi ana shunday ulug‘dir. Ilm dinimizda ulkan darajalarga, maqomlarga ko‘tarilgan ulug‘ bir xislat, g‘o‘zal bir amal hisoblanadi. Ilm olish dinimizda eng ulug‘ ibodatlardan sanaladi. Chunki banda ilm vositasida Rabbisini tanishga, U zotning buyruqlarini bajarishga, shuningdek, barcha mavjudotlarga taalluqli bo‘lgan haqlarni ado etishga muvaffaq bo‘ladi.

Ilmning ulug‘ligi shu darajadaki, kimda kim ilm talab qilish  yo‘lida yursa u jannat yo‘lida yurgan deb e’tibor qilinadi. Agar vafot etadigan bo‘lsa, ko‘zini jannatda ochadi. Bu haqda hadisi shariflar vorid bo‘lgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilib, bunday dedilar: «Kim ilm istab yo‘lga chiqsa, Alloh taolo uni jannatga yo‘llab qo‘yadi. Va olim uchun yeru osmon va xatto dengizdagi baliqlar ham mag‘firat so‘raydilar. Albatta, olimlar Payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir». Alloh taolo Qur’oni Karimni yigirma uch yil davomida payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga oyatma-oyat, surama-sura, bo‘lak-bo‘lak holatda nozil qildi. Ma’lumki, birinchi nozil bo‘lgan oyatlarning birinchi so‘zi “Iqro” (o‘qi)  buyrug‘i bilan nozil bo‘ldi. Shuning o‘zi dinimizda ilmga qanchalik e’tibor qaratilganligiga dalolat qiladi. Qur’onda ilm to‘g‘risida juda ko‘plab oyatlar nozil bo‘lgan. “Ilm” so‘zi Qur’oni karimning sakkiz yuz o‘n bir joyida turli ma’nolari bilan kelgan. Chunki dinimiz ilm dini, dinimiz ma’rifat dini, dinimizda jaholat mazammat qilingan, dinimizda ilmsizlik qoralangan. Dinimiz mo‘min-musulmonlarni ilm olishga targ‘ib qilgan dindir. Qur’oni karimning bir necha oyatlari bunga dalolatdir. Alloh taolo aytadi:

“…Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11).

Alloh taoloning O‘zi ahli ilmlarning, olimlarning darajasini ana shunday ko‘tarib qo‘ygan.

Payg‘ambarimiz  sollallohu alayhi va sallamdan ham ilm olishga dalolat qiluchi nihoyatda ko‘p hadis shariflar vorid bo‘lgan:

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

“Darhaqiqat, Alloh, Uning maloikalari, osmon va yer ahllari, hatto inidagi chumoli va dengizdagi baliqlar ham odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi olimlarni duo qilishadi”, dedilar. Alloh duo qiladi degani, Alloh rahmat nazari bilan qaraydi degani.

Yuqoridagi oyat va hadisga mukammal holatda amal qilingan yurtimizdan dovrug‘i dunyoga ketgan ulug‘ olimlar yetishib chiqishdi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Ali ibn Sino” Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk olimlar va mutafakkirlarning yaratgan boy ilmiy merosi jahon madaniyati va tammaduniga bebaho xazina bo‘lib qo‘shilgan. Hech qachon unutmaylikki, biz ana shunday buyuk insonlarning avlodlarimiz. Shuning uchun muborak islom ta’limotlariga tayangan holda, axloq odobimizni oliy darajaga ko‘tarishga harakat qilaylik, munosib ravishda o‘z farzandlarimizni dunyoviy va diniy bilimlardan bahramand qilib, kelajakda ahli solih, barkamol inson bo‘lib yetishishiga erishaylik.

Manba: muslim. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!