Hayot saboqlari: 1. «Qo‘shnilar»

Hayot saboqlari: 1. «Qo‘shnilar»

Deraza yonidagi krovatda tashqariga mo‘ltirab qarab yotgan Sora momo dimog‘iga urilgan tandir somsaning xushbo‘y hididan tamshandi. Yoshligida mana shunday ko‘klam paytlari yalpiz, jag‘-jag‘, ismaloq kabi bahor ko‘katlaridan tandir-tandir pichak, somsa yopardi. U davrlar oqar suvdek o‘tib ketdi. Yoshlik damlari yodiga tushib qalbi sog‘inchdan o‘rtandi. Mana, endi paymonasi to‘lishini kutib, to‘shakka mixlanib yotibdi.

- Ismaloq somsaning hidi kelyaptimi?

- Qumri xolaning hovlisidan kelyapti, shekilli, - dedi choy damlab kirgan kelini Xayri. – Pichak yopganga o‘xshaydi.

- Ikkitagina bermasmikan?

- Qaydam, bilasiz, Qumri xolaning fe’li torroq. Qishda qor so‘rasangiz ham bermaydi.

- Ha, mayli, qo‘yaver. Sodiqjon kelsa, bozorga borib kelar. Sora momo aytgan gapidan hijolat bo‘ldi.

Xayri qaynonasining ko‘nglini o‘ksitgisi kelmadi. Qani iloji bo‘lsa. Ilgarigidek erta bahorda ismaloq, jag‘-jag‘, yalpiz qulf urib yotgan dala-qir, yaylov qayerda? Bir zumda bir etak terib kelib, pichak, ko‘ksomsa yopib bersa. Hamma yer ekinzorga aylanib, egalik bo‘lib ketgan, uvatiga yo‘latishmaydi. Mayli, qaynonaning sazasi o‘lmasin, Qumri xolanikiga o‘tib so‘rasin, o‘ldimi, qahatchilik emas-ku. Yo‘q demas…

Xayri eshikdan kirib borganida Qumri xola hozirgina tandirdan uzilgan hidi dimog‘ni yoradigan xushbo‘y pichaklarni yog‘layotgan ekan.

- Oh, oh, qo‘lingiz biram shakarki, xola, pichagingizni hidi butun qishloqni tutdi, qayerdan o‘rgangansiz-a, pazandalikni?

- Maqtasam, pichagidan beradi, deb xomtama bo‘lma. Qumri xolaning qovog‘i uyildi. – O‘zi kam, sanab yopganman.

Xayri kirganiga pushaymon bo‘lib, orqaga qaytdi.

Bu voqea haqida eshitganda ishongim kelmadi. Shunday ma’murchilik, to‘qchilik zamonda-ya! Ocharchilik, qahatchilik yillari bir burda nonini baham ko‘rishgan mehr-oqibatli qo‘shnilar ko‘z oldimga keldi.

2. O‘zbek yigiti

Sobirjon bir necha yillardan buyon xorijda – Portugaliyada ishlaydi. Qaysi yili yangi yil arafasida vataniga qaytayotganda o‘zi bilan bo‘lgan voqeani to‘lqinlanib aytib berdi:

«…Lissabondan Toshkentga Parij orqali uchishimga to‘g‘ri keldi. Ammo Parijda hujjatlarimda ishkal chiqdi. Nima qilishni bilmay boshim qotdi. Aeroportdagi «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasining vakolatxonasiga murojaat qildim. Shinam xonada chiroyli forma kiygan o‘zbek yigiti xushmuomalalik bilan quchoq ochib kutib oldi. Xonada ona yurtim nafasini sezib to‘lqinlanib ketdim. Stol ustida bayroqchamiz. Vakil yigit o‘zbekona dasturxon tuzab, shirmoyi non, o‘zimizning mayiz, yong‘oq, pista-bodom bilan to‘ldirdi, chiroyli paxta gulli choynakda ko‘k choy damlab keldi. Keyin:

– Uzr, aka, siz bir piyola choy ichib turing, men hozir kelaman, – deb chiqib ketdi. Oradan yigirma daqiqalar o‘tgach, hujjatlarimni rasmiylashtirib qo‘limga tutqazdi:

- Mana aka, sizga oq yo‘l, hozir Toshkentga uchadigan samolyotga yo‘lovchilarni o‘tqazish boshlandi. Hamma yurtdoshlarga salom ayting, O‘zbekistonni juda sog‘indim. Xayr! 

Hujjatlar tashvishi bilan bo‘lib, vakil yigitning ism-sharifi, manzilini ham so‘ramabman. Toshkentga kelgach, oilasiga salomini yetkazib qo‘yolmaganimdan juda afsuslandim».

Sobir musofirchilikda ro‘y bergan voqea xuddi hozir bo‘lgandek hayajonlandi. Uning yuz-ko‘zidan O‘zbekistonning xorijdagi nufuzidan, o‘sha yerlarda ishlayotgan yigitlarimizdan faxrlanish sezilib turardi.

Tog‘aymurod SHOMURODOV


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!