Hamisha himoyada ekaningizni his qilasizmi?

Hamisha himoyada ekaningizni his qilasizmi?

«Xorijda qiyin ahvolda qolgan 71 nafar fuqaro Toshkent xalqaro aeroportida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillari hamda mehnat migrantlarining qarindoshlari tomonidan kutib olindi.

Ular to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, boshqa zarur yordamlar ko‘rsatildi».

Ha, bu yaqindagi gap. Bir vaqtlar o‘zga yurtlarga nasiba axtarib ishga ketib, oqibatda og‘ir ahvolda qolgan vatandoshlarga yordam qo‘lini cho‘zish hech kimni qiziqtirmasdi. Hatto, o‘z hududidan munosib ish topolmay, oilasini boqish maqsadida o‘zga yurt ostonasini supurib, halol mehnat qilayotganlardan jirkangan paytlarimiz ham bo‘lgan. Lekin «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak», degan ezgu g‘oya kundalik hayotimizga tatbiq qilingach, vaziyat butunlay o‘zgardi. Konstitusiyaning mazkur 22-moddasi ham ijtimoiy hayotda o‘z aksini topa boshladi.

Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migrasiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etildi.

Jamg‘armaning asosiy vazifasi xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davomida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘siz qolgan, og‘ir moddiy ahvolga tushgan fuqarolarni huquqiy va ijtimoiy himoyalash, ularga moddiy yordam ko‘rsatish hisoblanadi.

Qashqadaryolik Jamshid ­Otaboyev ham o‘z yashash joyida munosib ish topolmagani uchun noqonuniy ravishda xorijga chiqib ishlashga majbur bo‘ldi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan, fuqarolik pasportini oldirib, qiyin vaziyatga tushib qolgan. Bir necha oy ishga yollovchi shaxslar qo‘lida azoblanib, qul kabi xizmat qilgan...

2018 yil 5-8 sentyabr Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining 19-kengashida Rossiya Federasiyasi Ichki ishlar vazirligi hududiy organlarining Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlaridagi taxminan 1500 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini qaytarishga ko‘maklashish haqida kelishuvga erishilgach, Jamshidning azobli kunlari barham topdi. O‘z yurtiga omon-eson qaytib keldi.

— Boshimga tushgan kunlarni, hatto, dushmanimga ham ravo ko‘rmayman, — deydi Jamshid Otaboyev. — Moddiy qiyinchilik tufayli noqonuniy ravishda xorijga chiqishga majbur bo‘lgan edim. Oqibatda qilgan ishimdan pushaymon yedim. Uzoqning bug‘doyidan yaqinning somoni yaxshiligiga amin bo‘ldim. Davlatimiz ko‘magi bilan yurtimizga qaytib kelgach, bizga umuman boshqacha munosabatda bo‘lishdi. Ochig‘i, bunday holatni, hatto, tasavvur ham qilmagandik. Tegishli tashkilot va mutasaddilar tomonidan biz bilan suhbatlar tashkillashtirildi. Xorijda qonuniy ishlash uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ayniqsa, kelasi yildan xorijga qonuniy ravishda ishga jo‘natish bilan nafaqat tegishli vazirlik-idoralar, balki xususiy tashkilotlar ham shug‘ullanar ekan. Bu ko‘pchilikka qulaylik yaratadi, deb umid qilaman.

Ha, davlat o‘z fuqarosini har yerda, qancha himoya qilsa, fuqaro ham shuncha sodiq bo‘ladi. Bugun xorijda qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan boshlangan bunday xayrli ishlar davom ettirilayotgan ekan, kishida shunday qat’iy ishonch uyg‘onadi: Biz O‘zbekiston himoyasidamiz! 

Manba: od-press.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!