Fojiali! 8 oyida 350 dan ortiq chaqaloq vafot etgani ma’lum bo‘ldi

Fojiali! 8 oyida 350 dan ortiq chaqaloq vafot etgani ma’lum bo‘ldi

Samarqand viloyatida joriy yilning sakkiz oyi davomida bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning 345 ta va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 13 ta o‘lim holati qayd etilgan. Bu haqda viloyat hokimiyatida tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb yozmoqda «Gazeta.uz».

Bu vaqt davomida 270 nafar tibbiyot xodimi turli ma’muriy jazolar olgan. Viloyat hokimi chaqaloqlar va ularning onalari o‘limi holati qayd etilgan Qo‘shrabot, Paxtachi, Oqdaryo, Narpay, Bulung‘ur, Urgut tumanlari va Samarqand shahridagi tug‘ruq komplekslari faoliyatini tanqid qilgan.

Viloyat hokimiyati tomonidan tuzilgan ishchi guruhning aniqlashicha, Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ruq davridagi ayollar uchun zarur sharoitlar mavjud emas, ularning kasallik tarixlari noto‘g‘ri yuritiladi, birinchi zaruriyat dori vositalari yetishmaydi, karavotlarda matraslar yo‘q. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun intensiv xonalar va og‘ir ahvoldagi chaqaloqlar uchun birinchi yordam ko‘zda tutilmagan.

Ishchi guruh tomonidan Oqdaryo tumanida kesarcha kesish yo‘li bilan tug‘dirish bo‘yicha ko‘rsatmalarning kech berilishi sababli to‘qqiz oy ichida besh nafar chaqaloqning vafot etgani aniqlangan. Muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan sun’iy nafas berish apparati markazlashgan kislorod ta’minoti yo‘qligi sababli ishlamaydi. Bundan tashqari, ichki hujjat yuritish noto‘g‘ri olib boriladi.

Xabar berilishicha, Jomboy tuman tug‘ruq kompleksida navbatchi shifokorning noto‘g‘ri tashxisi oqibatida ayol ham o‘z bolasidan, ham bola ko‘rish imkoniyatidan ajralgan, chunki uning bachadoni olib tashlangan.

Narpay tumanida zarur tibbiy preparatlar va qurilmalar mavjud emas. Paxtachi tumani tug‘ruq kompleksida tug‘ruq davridagi ayollarni tekshiruvdan o‘tkazish uchun dastlabki vositalar yetishmaydi, gepatit B virusiga qarshi emlash o‘tkazish uchun bir martalik shprislar ajratilmagan.

Urgut tumanida operasiyalar homilador ayollarni OITS va virusli gepatit kasalliklari bo‘yicha tekshirilmasdan amalga oshiriladi, sanitariya-gigiyenik me’yorlar buzilgan. 21 sentyabrdan 2 oktyabrgacha bo‘lgan davr ichida kir choyshablar tozalash uchun faqat bir marta topshirilgan.

Samarqand shahridagi 1, 2 va 3-tug‘ruq komplekslarida o‘tkazilgan tekshiruvlarda aniqlanishicha, ba’zi qurilmalar ma’nan eskirgan va tumanlardagidan yomonroq holatda. Yig‘ilishda tug‘ruxonalarning to‘lib ketganligi haqida ham gapirilgan, 150 kishiga mo‘ljallangan tug‘ruqxonalarda 190 nafar ayol yotqizilgan.

Viloyat hokimi tug‘ruq komplekslarining dorilar bilan ta’minlanish darajasi 70—80 foiz ekanligini aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qolgan dorilarni bemorlarning o‘zi sotib olishga majbur bo‘moqda.

Hokim yig‘ilish ishtirokchilariga vaziyatni to‘g‘rilash va joylarda shifokorlarga suyunchi tariqasida beriladigan korrupsiyani yo‘q qilish haqida topshiriq bergan.

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston bo‘yicha bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning o‘limi holati 3400 tani tashkil qilgan, ularning 55,3 foizini perinatal davrda yuzaga keladigan vaziyat sababli yuz bergan o‘limlar tashkil qilgan. Chaqaloqlar o‘limi koeffisienti Samarqand viloyatida 6,4 promilleni (1000 nafar tirik tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan) tashkil qilgan. Eng past ko‘rsatkichlar Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 5,9 va 6 promilleni tashkil qilgan. Nisbatan yuqori ko‘rsatkichlar Andijon (14,4 promille), Xorazm viloyatlari (11,2 promille) va Toshkent shahrida (11,5 promille) qayd etilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!