Farg‘onada hamon Suriyaga jihodga ketayotganlar aniqlanmoqda

Farg‘onada hamon Suriyaga jihodga ketayotganlar aniqlanmoqda

“Jahon.uz” saytining ishonchli manbasi xabariga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining tezkor tadbiri davomida Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida istiqomat qilgan bir necha nafar fuqarolarning Suriyaga hijratga ketayotgani aniqlangan va ularning barchasi qo‘lga olingan.

Aynan ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va bir necha oylik tergov tugab, ish sudda ko‘rib chiqildi.
 
2019 yil noyabr oyining 18 kuni, Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida, Viloyat sudining sudyasi B.Ergashev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi(JK)ning 2441-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari, 25,1552-moddasi 1-qismi bilan ayblanganlar 1996 yil 18 iyulda Buvayda tumanida tug‘ilgan U.A, 1997 yil 27 mayda Buvayda tumanida tug‘ilgan X.A, O‘zbekiston Respublikasi JKning 1553-moddasi 1-qismi bilan ayblanganlar 1980 yil 16 noyabrda Buvayda tumanida tug‘ilgan A.A, 1988 yil 18 aprelda Buvayda tumanida tug‘ilgan M.A.ga oid 1-15-1905/28-sonli jinoyat ishini ochiq sud majlisida ko‘rib chiqdi.

Sudlanuvchi U.A 2019 yil boshidan “ZTE” rusumli uyali telefonidan jahon internet tarmog‘i orqali “Abdulloh Zufar”, “Abu Salox” nomli va boshqa kanallarga a’zo bo‘lib, Abu Saloh, Tohir Yo‘ldosh, Abduvali qori Mirzayev, Abdulloh domla, Abdulloh domla Buxoriy, Sodiq Samarqandiy, Salohiddin Novqatiy va boshqa shaxslarning jihodga, shahidlikka, islom davlati qurishga chorlovchi,
amaldagi davlat tuzumini konstitusiyaga xilof ravishda o‘zgartirishga xizmat qiladigan, jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan va aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi audio va video ma’ruzalarini eshitib, ko‘rib, telegram tarmog‘ida bevosita Abdulloh Zufar ismli shaxs bilan yozishmalar olib borib, terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xijrat qilib, Suriya va boshqa arab davlatlariga chiqib ketishga da’vat qilish va hijratga, jihodga va shahidlikka chorlovchi, terrorizm va aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish bilan faol shug‘ullanib kelib, sudlanuvchilar X.A va A.A, ukasi S.A. va boshqalarni terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun jihod qilishga da’vat qilib, Suriya va boshqa arab davlatlariga
xijrat qilib, “Tavhid va jihod” terroristik guruhi jangarilar safiga qo‘shilishga chorlab, telegram messenjeri orqali X.Aga xijratga, jihodga va shahidlikka chorlovchi, terrorizm va aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi
materiallarni yuborgan. 

Sudlanuvchilar U.A, X.A, A.A va M.A. qilmishlariga to‘liq iqrorlik bildirganlar.

U.A. 6 yil, X.A. 5 yil ozodlikdan mahrum qilindi, A.A.ga esa 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. M.A.ga ham 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Hijratga ketayotgan va ularning yonidan ashyoviy dalil sifatida olingan DXX Farg‘ona viloyat boshqarmasining depozit hisob raqamiga topshirilgan jami 524.500 so‘m va DXX Farg‘ona viloyat boshqarmasining Moliya-iqtisod bo‘linmasiga topshirilgan jami 1.200 AQSh dollari davlat foydasiga o‘tkazilishi belgilangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!