"Qaysi qurib ketgurning gapiga uchib, tuzog‘ingizga ilindim-a!”

"Qaysi qurib ketgurning gapiga uchib, tuzog‘ingizga ilindim-a!”

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Kech kirgach, Riyoh ayolini sinash uchun uyquga ketdi. Kechaning chorak qismini qiyomda o‘tkazgan ayol: “Turing, ey Riyoh!” deb erini tungi namozga uyg‘otdi. Riyoh “Hozir turaman”, dedi, lekin turmadi. Ayoli kechaning yana chorak qismini tahajjudda o‘tkazgach, “Turing, ey Riyoh!” deb uni namozga chaqirdi. Riyoh “Mana, hozir, turyapman” deb, yana o‘zini yostiqqa urdi. Ayol indamaygina yana tahajjudga kirishdi. Tunning yana chorak qismi o‘tgach, “Turing, ey Riyoh!” dedi. Eri “Xo‘p, hozir” desa ham, issiq joyidan qo‘zg‘almadi. Shunda soliha ayol afsus bilan: “Tun ham oxirlab qoldi. Muhsinlar safda, xizmatga shay, siz bo‘lsa uyqudasiz! Ey voh, sho‘rim qursin! Ey Riyoh! Qaysi qurib ketgurning gapiga uchib, tuzog‘ingizga ilindim-a!” deya, kechaning qolgan qismini ham namoz o‘qib, bedor o‘tkazdi.

Riyoh aytadi: “Bir kuni dunyo ishlaridan bir ishga achinib, g‘amga botib o‘tirgan edim. Ayolim yonimga kelib, “Qarab tursam, dunyoning o‘tkinchi ishiga juda qayg‘uda ekansiz. Shumayt sizni menga boshqacha ta’riflagandi. Men soddalik qilib, uning gapiga laqqa tushib o‘tiribman-a!” dedi-da, ro‘molining popugiga ishora qilib, “Dunyo men uchun mana shundan ham arzimas narsa!” dedi.

Sayyor aytadi: “Riyoh menga shunday hikoya qilib berdi: “Menga bir ayol haqida aytishdi. Nasibamiz qo‘shilib, turmush qurdik. Xufton o‘qib bo‘lingach, u atir-upalarini surtib, bezanib, chiroyli kiyimlarini kiyib, yonimga kelib, “Xojam, menda hojatingiz bormi?” der edi. “Ha” desam, yonimda qolar, “Yo‘q” desam, bezakli kiyimlarini yechib, tong otguncha namoz o‘qib chiqardi. Allohga qasamki, (ibodatda) u mendan o‘zib ketdi”.

Alloh Riyohni ham, uning obida, soliha ayolini ham rahmatiga olsin.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!