Eron Afg‘oniston bilan chegarada 10 kilometrlik devor qurdi

Eron Afg‘oniston bilan chegarada 10 kilometrlik devor qurdi

Eron Afg‘oniston bilan chegara devorining 10 kilometrdan ko‘prog‘ini qurishni tugatdi va yana 50 kilometrini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Eron rasmiysiga tayanib Tehran Times xabar berdi.

Eron armiyasi vakili Nozar Ne’matiyning ta’kidlashicha, Afg‘oniston bilan chegara xavfsizligi uchun javobgarlik Eron armiyasining quruqlikdagi qo‘shinlari zimmasiga tushadi.

“Afg‘oniston bilan chegaraning shimoliy qismida chegaralarni yopish harakatlari boshlandi, bu yerda operasiyalarni nazorat qilish uchun maxsus shtab tashkil etilgan. Ushbu tizimli yondashuv armiya quruqlikdagi qo‘shinlarining muhim ishtirokida amalga oshirilmoqda”, deydi qo‘mondon.

Ne’matiyning so‘zlariga ko‘ra, devor qurilishida to‘rtta jangovar muhandislar guruhi va 14 ta muhandislik bo‘linmasi, shuningdek, mamlakatning turli hududlaridan bir nechta jangovar tayyor kompaniyalar ishtirok etmoqda.

U, shuningdek, chegaraning yopilishi xavfsizlikni oshirishi hamda kontrabandaga chek qo‘yishini ta’kidlab, bu tashabbus mamlakat iqtisodiy o‘sishiga va chegaradan o‘tish joylarini samarali boshqarishga xizmat qilishini ma’lum qilgan.

Avvalroq Eron Afg‘oniston bilan chegarada uzunligi 295 km va balandligi to‘rt metr bo‘lgan devor qurish niyatida ekani xabar qilingandi.

Eron—Afg‘oniston chegarasining uzunligi 900 km dan oshadi. Eron dunyodagi eng ko‘p afg‘on qochqinlari yashaydigan davlatlardan biri hisoblanadi. Afg‘onistonlik muhojirlar oqimi 2021 yil avgustida “Tolibon” Kobulda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri ko‘paygan. Tehron afg‘on qochqinlari soni bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni e’lon qilmagan.

Eronning IRNA rasmiy axborot agentligiga ko‘ra, afg‘onlar Erondagi xorijiy fuqarolarning 90 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi, ularning aksariyati mamlakatga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz kirgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!